Yangi hafta ko‘plab resurslar narxining keskin ko‘tarilib ketishi bilan boshlandi. Bu haqda BBC xabar berdi.
O‘tgan hafta davomida neft narxi 20 foizga oshdi. Dushanba kuni birja ochilishida Brent markali "qora oltin"ning bir barreli deyarli 140 dollarga yetdi.
Bu 2008-yilgi moliyaviy inqiroz arafasida qayd etilgan rekordga bir qadam qoldi degani (o‘shanda, neft narxi 143 dollarga yetgandi). Ikki soat o‘tib, uning bahosi 125 dollarga qaytgan bo‘lsa-da, bu 4 mart, juma kungidan 7 foizga qimmat. Narxlar oshishiga, eng avvalo, G‘arbning rus nefti savdosiga embargo qo‘yishni rejalashtirayotgani sabab bo‘lmoqda.
Ukraina urushi barcha xomashyo mahsulotlarining qimmatlashishiga olib keldi. Xususan, o‘tgan hafta davomida nikel narxi 19 foizga, alyuminiy narxi 15 foizga, ruh 12, mis narxi esa 8 foizga oshdi. Bugun esa nikel 10 foizga qimmatlashgan bo‘lsa, alyuminiyning bir tonnasi tarixda ilk bor 4 ming dollarni tashkil etdi. Rossiya dunyoning 6 foiz alyuminiysini, 6 foiz nikeli va 3.5 foiz misini ishlab chiqaradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Fransiya energetik konserni Yevropaning rus gaziga qaramligini tan olgandi.


