Saida Mirziyoyeva Urgut tumanining chekka qishloqlaridan birida joylashgan “Navoiy” poliklinikasida bo‘ldi. 1972-yilda qurilgan mazkur tibbiyot muassasasi bugungi kunda kapital ta’mirlashga, zamonaviy standartlar asosida yangilanishga hamda tibbiy xizmatlar sifatini oshirishga muhtoj ekani qayd etildi.
Poliklinika 13 mingdan ortiq aholiga birlamchi tibbiy yordam ko‘rsatib kelmoqda. Shuningdek, 16 ta qishloq aholisi uchun bu tug‘ruqni qabul qiladigan eng yaqin va yagona tibbiyot muassasasi hisoblanadi. Yuklama yuqori bo‘lib, mavjud sharoitlar tibbiy xizmat ko‘rsatish talablariga to‘liq javob bermaydi.
Ta’kidlanishicha, mazkur holat faqat bitta poliklinika muammosi emas, balki birlamchi tibbiy xizmat tizimida mavjud tizimli kamchiliklarning yaqqol ifodasidir. Oldinda diagnostika va davolash standartlarini takomillashtirish, shuningdek, tibbiyot xodimlarini tayyorlash masalalari dolzarb vazifa bo‘lib turibdi.
Uchrashuv davomida mutaxassislar bilan birgalikda viloyat sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish bo‘yicha yangi master-reja batafsil muhokama qilindi. Qayd etilishicha, islohotlar faqat binolarni ta’mirlash bilan cheklanmasdan, birlamchi tibbiy-sanitariya tizimiga bo‘lgan yondashuvni tubdan qayta ko‘rib chiqishni nazarda tutadi.


