Xitoyda tug‘ilish ko‘rsatkichlari 1949-yilda Xalq Respublikasi tashkil topganidan buyon eng past darajaga tushdi. 2025-yilda har ming kishiga to‘g‘ri keladigan tug‘ilish 5,6 tani tashkil etdi, yil davomida esa 7,9 million chaqaloq tug‘ildi. Bu avvalgi yilga nisbatan 1,6 millionga kam bo‘lib, 2020-yildan beri kuzatilgan eng keskin pasayish sifatida qayd etildi.
Tug‘ilishning kamayishi mamlakat umumiy aholisiga ham bevosita ta’sir ko‘rsatmoqda. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2025-yilda Xitoy aholisi 3,4 million kishiga qisqardi. Bu aholi sonining ketma-ket to‘rtinchi yil kamayishi bo‘lib, 2024-yil yakunida mamlakat aholisi qariyb 1,4 milliard nafarni tashkil etgan edi.
Demografik inqiroz fonida nikohlar soni keskin kamayib, ajrimlar esa ortmoqda. 2024-yilda Xitoyda atigi 6,1 million nikoh qayd etilib, bu 1980-yildan beri eng past ko‘rsatkich bo‘ldi. Shu bilan birga, ajrashish darajasi 1,1 foizga oshgan. Mutaxassislar buni yoshlarning iqtisodiy qiyinchiliklar, ijtimoiy bosim va hayot xarajatlarining yuqoriligi sabab oila qurishni kechiktirayotgani bilan izohlamoqda.
Hukumat tug‘ilishni rag‘batlantirish uchun subsidiyalar, ota-ona ta’tillarini uzaytirish va soliq imtiyozlarini joriy etayotgan bo‘lsa-da, hozircha bu choralar sezilarli samara bermayapti. Shunga qaramay, Xitoy iqtisodiyoti 2025-yilda 5 foiz o‘sib, yalpi ichki mahsulot hajmi 140 trillion yuanga yetdi. Mutaxassislar esa uzoq muddatda demografik pasayish mamlakatning iqtisodiy barqarorligiga jiddiy xavf tug‘dirishi mumkinligini ta’kidlamoqda.


