Shavkat Mirziyoyev futbolchi Otabek Shukurovni «Mard o‘g‘lon» davlat mukofoti bilan taqdirladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 30 iyun, chorshanba kuni Botanika bog‘ida o‘tkazilgan O‘zbekiston yoshlar va talabalar forumida O‘zbekiston terma jamoasi hamda BAAning “Sharja” klubi aʼzosi Otabek Shukurovga «Mard o‘g‘lon» davlat mukofoti berilishini qayd etdi.


«Birlashgan Arab Amirliklarining “Sharja” klubida o‘ynayotgan futbolchimiz Otabek Shukurov o‘zi topgan mablag‘lari hisobidan 12 milliard so‘m sarflab, bolalar bog‘chasi ochdi va ertaga yangi o‘quv markazi faoliyati boshlaydi. Bu yigitning o‘zi ham «Nima topsam, O‘zbekiston rivojiga tikaman», degan gapni ko‘p aytadi. Bolalar bog‘chasida 200 nafarga yaqin bola tarbiyalanyapti. Rus, ingliz va arab tillaridan dars berilyapti. Ertaga o‘zi tug‘ilgan qishloqda 100 nafar bolaga mo‘ljallangan ingliz va arab tilidan dars beriladigan markazning ochilishi bo‘ladi. Otabekning o‘zi bugun forumga kelib, vakil sifatida qatnashyapti.
Adham Jalilov bizning yana bir yosh shifokorimiz. Hurmatli Prezident, u o‘n yil davomida chet elda yurgan, Germaniya, Rossiyada ishlagan. 2020 yilda viloyatga qaytib kelgan. Bir yil ichida bir yarim mingdan ziyod operatsiya jarayonida qatnashdi. Bu yigitimiz yana xorijdan to‘rt-besh nafar vrachlarni Qarshi shahridagi kardiojarrohlik bo‘limiga taklif qilish niyati borligini aytdi. Biz u bilan uzoq suhbatlashdik. Hurmatli Prezident, viloyatimizda mana shunday yoshlarimiz soni ko‘paymoqda. Bugun ulardan biz kuch olyapmiz», — dedi Zoir Mirzayev.

Shavkat Mirziyoyev futbolchi Otabek Shukurovga «Mard o‘g‘lon» davlat mukofotini berish bo‘yicha qaror qabul qilishini taʼkidladi.
Shuningdek, futbolchining otasi G‘ayrat Murodovga qorabayir oti sovg‘a qilingan.







