Joriy yildan boshlab bitiruvchilar bandligini taʼminlash izchil hal etiladi
yoshlarning bandligini taʼminlash davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qoladi.

Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston yoshlari va talabalari forumida alohida taʼkidladi.
Maʼlumki, bu yil mamlakatimizda maktablar, o‘rta maxsus va oliy taʼlim muassasalarini qariyb 560 ming nafar yoshlar tamomlab, mustaqil hayotga qadam qo‘yadi.
Shu bois, yoshlarning bandligini taʼminlash davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qoladi.
Prezident bunda quyidagi masalalarga alohida eʼtibor qaratilishini maʼlum qildi.
Birinchidan, har o‘quv yili yakuni bilan tuman, shahar, viloyat va respublika darajasida bitiruvchilar bandligini taʼminlashga oid dasturlar qabul qilish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.
Dasturda har bir mahalla, tuman, shahar va viloyat kesimida qancha yoshlarni kasb-hunarga o‘qitish, qanchasini ish bilan taʼminlash, nechta startap va tadbirkorlik loyihalarini amalga oshirish belgilanishi shart.
– Bu bizning yoshlar bilan yangicha ishlash bo‘yicha “bandlik”, “innovatsiya” va “investitsiya” dasturimiz bo‘lib xizmat qiladi. Viloyat, tuman va shahar hokimlari hamda sektorlar rahbarlari har haftada bir marta yoshlar bilan uchrashib, ularning g‘oya, taklif va tashabbuslarini eshitib, muammolarini hal qilishga masʼul va javobgar bo‘ladi, – dedi davlatimiz rahbari.







