Shavkat Mirziyoyev davlat tashrifi bilan O‘monga jo‘nab ketdi
Tashrif doirasida Masqat shahrida oliy darajadagi muzokaralar, yirik kompaniyalar rahbarlari bilan uchrashuvlar va boshqa qo‘shma tadbirlar o‘tkaziladi.

Shavkat Mirziyoyev O‘mon Sultoni Haysam bin Toriq Ol Saidning taklifiga binoan 16-noyabr kuni davlat tashrifi bilan O‘monga jo‘nab ketdi.
Tashrif dasturiga muvofiq, Masqat shahrida ikki davlat delegatsiyalari ishtirokida oliy darajadagi muzokaralar bo‘lib o‘tadi. Shuningdek, yirik kompaniyalar rahbarlari va ishbilarmon doira vakillari bilan uchrashuvlar hamda boshqa qo‘shma tadbirlar tashkil etiladi.
Bo‘lajak muzokaralar kun tartibidan O‘zbekiston–O‘mon munosabatlarini yangi bosqichga olib chiqish, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, qishloq xo‘jaligi sohasidagi aloqalarni rivojlantirish masalalari o‘rin olgan.
Tomonlar, shuningdek, madaniy-gumanitar aloqalar va turizm almashinuvini faollashtirish istiqbollarini ham muhokama qiladi.
Muzokaralar yakunida ikki tomonlama hamkorlikka oid bir qator hujjat va bitimlar qabul qilinishi rejalashtirilgan.








