O‘zbekiston–Turkiya hamkorligi kengayadi: 2030-yilga borib 175 tonna oltin qazib olishni rejalashtirmoqda
Turkiya kompaniyalari misni qayta ishlash, elektronika, transformatorlar va maishiy texnika ishlab chiqarish bo‘yicha hamkorlikka taklif etildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston – Turkiya biznesni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yuqori darajadagi kengashining birinchi yig‘ilishida ishtirok etmoqda. Unda Turkiya Respublikasi vitse-prezidenti Javdat Yilmaz boshchiligidagi nufuzli delegatsiya ham qatnashmoqda.
Qayd etilishicha, 2030-yilga qadar O‘zbekistonda oltin qazib olish hajmini 175 tonnaga, kumushni 500 tonnaga, mis ishlab chiqarish quvvatlarini esa 500 ming tonnaga yetkazish rejalashtirilgan. Shu davrda qayta tiklanuvchi energiya quvvatlarini 25 gigavattga, ularning elektr energiyasi ishlab chiqarishdagi ulushini 54 foizga yetkazish ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, Jizzax viloyatida tashkil etilayotgan Atom sanoati maxsus sanoat zonasida 15 ta yo‘nalish bo‘yicha mahsulot ishlab chiqarish rejalashtirilmoqda. Ushbu mahsulotlar O‘zbekiston va Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlarida barpo etiladigan atom elektr stansiyalari ehtiyojlari uchun ham yo‘naltiriladi.
Shu munosabat bilan davlat rahbari turk kompaniyalarini tog‘-kon sanoati, mineral resurslarni chuqur qayta ishlash va “yashil” energetika yo‘nalishlarida yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga taklif qildi.
Elektrotexnika sanoatidagi kooperatsiyani kengaytirish ham iqtisodiy hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida qayd etildi. 2030-yilga qadar O‘zbekistonda ushbu tarmoq eksportini 5 milliard dollarga yetkazish va 11,6 milliard dollar investitsiya jalb qilish maqsad qilingan.
Turkiya kompaniyalariga misni chuqur qayta ishlash, elektronika, transformatorlar, maishiy texnika va elektr uskunalari ishlab chiqarish bo‘yicha o‘zbekistonlik korxonalar bilan qo‘shma loyihalarni yo‘lga qo‘yish taklif etildi.








