Prezident yoshlarga: Bugungi harakatlaringiz bilan o‘z kelajagingizga asos solyapsizlar
- Bilimli yoshlar - kelajak poydevori. Bugungi harakatlaringiz bilan o‘z kelajagingizga asos solyapsizlar. Men sizlar bilan g‘ururlanaman, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 29 iyundagi farmoniga muvofiq, o‘zining ijodiy va intellektual salohiyati, tanlagan kasb yo‘nalishi va ijtimoiy hayotda erishgan muhim natijalari bilan turli sohalarda yurtimiz ravnaqiga, uning xalqaro obro‘-eʼtiborini yuksaltirishga munosib hissa qo‘shayotgan, tengdoshlariga o‘rnak va namuna bo‘lib kelayotgan faol yoshlar orden va medallar bilan mukofotlangan edi.
Tadbirda davlatimiz rahbari ushbu mukofotlarni o‘z egalariga tantanali ravishda topshirdi.
Mukofotlanganlar yuksak ishonch va eʼtibor, yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlar uchun Prezidentimizga minnatdorlik bildirib, o‘qish va intilishda faol davom etishi, yana-da katta natijalarga erishib, davlatimiz ishonchini oqlashini taʼkidladilar.
- Bilimli yoshlar - kelajak poydevori. Bugungi harakatlaringiz bilan o‘z kelajagingizga asos solyapsizlar. Men sizlar bilan g‘ururlanaman, - dedi Shavkat Mirziyoyev.
Davlatimiz rahbari forumga yig‘ilgan yigit-qizlar bilan muloqot qildi. Yoshlarning fikr va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlab, ular bo‘yicha mutasaddilarga ko‘rsatmalar berdi.
- Yoshlarga berayotgan eʼtiborimiz natijalar berayotganini ko‘rib, xursand bo‘ldim. Bugun hech bir soha yo‘qki, yoshlar muvaffaqiyatga erishmayotgan bo‘lsa. Yoshlarning yo‘lini ochib bersak, ularga yelkadosh bo‘lsak, yana-da ulkan natijalarga erishamiz. Mening eng katta ishongan kuchim, davlatimizning eng katta boyligi - bu yoshlar, - dedi Prezident.
Tadbir katta konsert dasturi bilan yakunlandi.







