Zabelinskaya Turkiyada g‘olib, Kuskova esa «Eng yaxshi» bo‘ldi
Velosport bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi aʼzolari ayni paytda Turkiyada o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini o‘tkazmoqda.

Velosport bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi aʼzolari ayni paytda Turkiyada o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini o‘tkazmoqda.

Yig‘in davomida sportchilarimiz shosse yo‘nalishida xalqaro musobaqada ham ishtirok etdi.
Turkiyaning Kahramanmarash shahrida 107 kilometr masofaga ayollar o‘rtasidagi poyga tashkil etildi. Unda O‘zbekiston, Turkiya, Rossiya, Qozog‘iston va Ukraina mamlakatlaridan 30 dan ortiq sportchi ishtirok etdi.
Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berishicha, bahslarda O‘zbekiston sharafini himoya qilgan Olga Zabelinskaya barcha raqibalaridan tezroq marraga yetib keldi va musobaqa g‘olibasiga aylandi.
Shuningdek, yosh velosportchimiz Yanina Kuskova marraga o‘ninchi bo‘lib yetib keldi. Bu yoshlar toifasidagi eng yuqori ko‘rsatkich bo‘ldi. Shu bois Kuskova musobaqaning «Eng yaxshi yosh poygachisi» deb topildi.
Musobaqada qatnashgan boshqa velosportchilarimizning natijasi esa quyidagicha ko‘rinish oldi:
Sofiya Karimova – 21
Madina Qahhorova – 24
Anna Kulikova – 25
Shahnoza Abdullayeva – 26
Bundan tashqari, kecha erkaklar o‘rtasida 167 kilometr masofaga (dengiz sathidan 4700 metr balandlikda) poyga bahslari ham tashkil etildi. Ushbu musobaqada qatnashgan yigitlarimizdan Aleksey Fomovskiy 22-natijani ko‘rsatdi. Shuningdek, bahslarda qatnashgan Akrom Sunnatov va Danil Yevdokimov kuchli 50 nafar sportchi orasidan o‘rin oldi. Ushbu musobaqa yosh velosportchilarimiz uchun o‘ziga xos tajriba vazifasini bajarib bersa, Zabelinskaya uchun Olimpiada oldidan sinov bo‘lib xizmat qildi.







