Angliyaga devorlar yordam beradimi?
“O‘z uyingda hatto devorlar ham yordam beradi” degan gapni futbolga nisbatan ishlatsak, nihoyalab qolayozgan Yevropa chempionati bahslarida chempionlik Angliyaga nasib etadimi, degan savol ham tug‘ilishi shubhasiz.

Futbol bo‘yicha Yevropa chempionati yakuniy pallasiga yetib keldi. 11 iyul kuni chempion nomi aniq bo‘ladi. Italiya va Angliya o‘rtasidagi bo‘lib o‘tadigan o‘yin har qanday final uchrashuvlarini bezay oladigan to‘qnashuvlardan biri bo‘lishi turgan gap. Hali ushbu bahs boshlanmasdan avval muxlislar jamoalarning imkoniyatlarini solishtirib ko‘rgan holda, o‘yinda kutilajak natijani taxmin qilishga kirishib ketishdi.
Tashna chempionlik
Dastlab, jamoalarning Yevropa chempionatlaridagi ishtiroki haqida qiziqdik. Italiya termasi ushbu turnirda bir marta kubokni boshlari uzra yuqori ko‘targan. Ikki marta bugungi kunda yetib kelgan bosqichiga qadar kelishgan. Yaʼni, 2000 va 2012 yillar italyanlar chempionat finalida g‘alabani qo‘ldan boy berishgan. Ularda ushbu xunuk anʼnaga barham berish imkoniyati mavjud. Buning uchun esa inglizlar to‘sig‘idan o‘tishi lozim. Angliya terma jamoasi esa Yevropa chempionatida umuman zafar quchmagan. Ularning bu musobaqadagi eng yaxshi natijasi 1968-1996 yillarga to‘g‘ri keladi. O‘sha yillarda ular turnirning yarim finaliga qadar yetib kelishgan, biroq mag‘lubiyat alamini tortib ko‘rishga majbur bo‘lishgan.
O‘zaro statistika
Ikki terma rasmiy uchrashuvlarda 27 marta yuzma-yuz kelishgan. G‘alabalarning soni bo‘yicha Angliyaning qo‘li biroz baland ekanligini ko‘rishimiz mumkin. Bahslarning sakkiztasi italyanlar foydasiga hal bo‘lgan bo‘lsa, o‘n bittasida «Tumanli albion» yurt vakillari ustunlikka erishgan. Sakkizta o‘yin durang natija bilan yakunlangan. Ustunlik inglizlar tomonida bo‘lsa ham yirik chempionatlarda Italiya raqibiga yutqazmagan.
Qaysi jamoa kuchli tarkibga ega?
2018 yil jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kirita olmagan Italiya Yevropa chempionatiga jamoaviy o‘yin va yoshartirilgan tarkib bilan keldi. Dunyoda eng kuchli himoya chizig‘iga ega jamoa deya eʼtirof etiladigan Italiya bugungi kunda ham buni isbotlashda davom etmoqda. Leonardo Bonuchchi va Jorjo Kellini kabi himoyachilari bor, terma mudofaasini yorib o‘tish har qanday raqibga qiyinchilik tug‘diradi. Yarimhimoyachilarning ham bugungi darajasini ushbu Yevropa chempionati ko‘rsatib berdi. Bu chiziqni bu yilgi chempionlar ligasi g‘olibi Jorjinyo, PSJ vakili Marko Verratti, Nikola Barella kabi futbolchilar nazorat qilmoqda. Ular shu kungacha musobaqaning barcha o‘yinlarida tartibli o‘yin namoyish etishdi. Hujumda esa Yuventus futbolchilari Federiko Keza, Federiko Bernandeski va Latsio klubi aʼzosi Chiro Immobile kabi hujumchilar vaziyatlardan unumli foydalanishga urinishi aniq.
Angliya terma jamoasining eng kuchli chizig‘i hujum chizig‘i hisoblanadi. U yerda yarimta imkoniyatni ham golga aylantira oladigan to‘purar futbolchilar bor. Harry Keyn, Rahim Sterling va Markos Reshford kabi hujumchilar shular sirasiga kiradi. Italiya Angliyaning mana shu ustun tomoniga eʼtibor qaratishi turgan gap. Umuman olganda, Angliya himoya va yarimhimoyada to‘p tepadigan futbolchilari bilan ham bemalol maqtana oladi. Himoyada Trend Aleksandr- Arnold, Lyuk Shou, Kayl Uoker kabi o‘yinchilardan iborat himoya betonnini yorib o‘tish raqibdan katta tajriba va jamoaviylik talab etadi. Angliya yarimhimoyasidagi Jeydon Sancho, Jordan Henderson, Meyson Maunt kabi futbolchilar ham markazda, ham hujumda birdek o‘ynay olishadi. O‘yinchilarning top klublarda o‘ynashi va ularning darajasi bo‘yicha taqqoslaganda Angliya termasi ustunlikka ega. Biroq, nisbatan nomdor futbolchilarsiz, jamoaviy o‘yin orqali finalga qadar yetib kelgan Italiya istasa, Angliya kabi butun boshli yulduzli tarkibdagi jamoalarni maydondan bosh egib chiqib ketishiga sababchi bo‘lganini unutmaslik lozim.
Finalga qadar oshib o‘tilgan to‘siqlar
Angliya musobaqani kichik hisobdagi g‘alaba bilan boshladi. Xorvatiyaga qarshi kechgan dastlabki o‘yinda Rahim Sterling jamoasining g‘alabasini taʼminlagandi. Ikkinchi turda Shotlandiya bilan durang natija qayd etildi. Guruh o‘yinlarining so‘nggida Chexiyani ham Xorvatiyani yenggan hisobda mag‘lub etib birinchi o‘rin bilan pley-ofga yulga oldi. Nimchorak finalda 2014 yilgi chempionlar mag‘lubiyatga uchratilgan bo‘lsa, chorak finalda Ukraina yirik hisobda taslim etildi. Final ostonasidagi to‘qnashuvda inglizlar Daniyani qiyinchilik bilan yengdi va final tomon yo‘l olishdi. Italiya guruh bosqichida yuz foizlik natija qayd etdi. Turkiya va Shveysariya bir xil yirik hisobda mag‘lub etildi. Guruhdagi uchinchi raqib Uels terma jamoasidan italiyaliklar kichik 1:0 hisobida ustun kelishdi. Nimchorak finalda Avstriya ham bitta gol farqi bilan taslim etildi. Chorak finalda Belgiyaga qarshi o‘yindagi hisob ham shu ssenariyda bo‘ldi. Nihoyat, yarim finalda azaliy raqiblaridan biri Ispaniya penaltilar ssenariysida maydonni va musobaqani boshi egik holda chiqib ketishga majbur qilindi. Har ikki jamoaning musobaqa davomida o‘tkazgan o‘yinlari tarixiga nazar tashlasak ular biron marta mag‘lub bo‘lmagan. Italiya Ispaniyaga qarshi o‘yindagi penaltilar seriyasini hisobga olmaganda barcha o‘yinlarda raqiblaridan ustun kelgan bo‘lsa, Angliya ham bu bosqichga bironta mag‘lubiyatlarsiz yul oldi. Ikki jamoa ham final uchun loyiq ekanliklarini musobaqa davomida isbotlashdi.
Bu gal chempionlik paradi qayerda o‘tkaziladi?
11 iyul oqshomida Londonning Uembli stadionida bo‘lib o‘tadigan super uchrashuv navbatdagi Yevropa chempioni nomiga oydinlik kiritishi bilan bir qatorda zamonamizning dramatik to‘qnashuvlaridan biri bo‘lishi kutilmoqda. Finalda Angliyaga o‘z devorlari yordam berib, o‘z tarixida ilk bor chempionlikni qo‘lga kirita oladimi? Yoki Italiya shuncha yillik tanaffusdan so‘ng Yevropada tengsizga aylanadimi? Chempionlik paradining qayerda o‘tkazilishini esa vaqt ko‘rsatadi.
Jamshidbek Amirov







