Eldor Shomurodov pandemiya davrida “Bunyodkor” yoshlar jamoasini 1,5 oy davomida moddiy taʼminlab turgan
O‘zbekiston terma jamoasi va “Jenoa” klubi hujumchisi Eldor Shomurodov 2020 yil pandemiya davrida xayrli ishga qo‘l urgani maʼlum bo‘ldi. Bu haqda O‘zbekiston terma jamoasi va “Bunyodkor” fan-klubi yetakchisi Abdurahmon Fozilov “Krasava” kanaliga bergan intervyusida aytdi.


Maʼlum bo‘lishicha, “Bunyodkor” bolalar jamoasi Rossiyaning Krasnodar shahrida o‘tkazilgan xalqaro musobaqada ishtirok etayotgan vaqtda koronavirus sabab karantin choralari kuchaytirilgan va jamoa o‘sha yerda qolib ketgan. 30 kishidan iborat jamoaning zaxirasi mehmonxonada o‘n kun istiqomat qilishga yetgan, keyinchalik ularda resurs qolmagan. Bundan xabar topgan Shomurodov Rostovdan Krasnodarga borgan, mehmonxona va boshqa xarajatlarni qoplab bergan. Shundan keyin u delegatsiyani Rostovga olib ketgan va 1—1,5 oy davomida ularni moddiy jihatdan taʼminlab turgan. Vaziyat biroz yumshagach, O‘zbekiston FVV maxsus reys orqali “Bunyodkor” yoshlarini ortga qaytargan.
Jamshid Amirov







