JSST “COVID-19”ga qarshi vaksinalar borasida jiddiy bayonot bilan chiqdi
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) fuqarolarni “COVID-19”ga qarshi turli xil vaksinalarni olish borasida mustaqil qaror qabul qilmaslikka chaqirdi.

Bu haqda Jenevada bo‘lib o‘tgan brifingda JSST vakili Kristian Lindmayer maʼlum qildi.
«Odamlar turli xil vaksinalar bilan emlanishi to‘g‘risida o‘zlari qaror qabul qilishlari shart emas. Buni sog‘liqni saqlash organlari mavjud maʼlumotlarga asoslanib amalga oshirishi mumkin», deydi u JSST bosh ilmiy xodimi Sumya Svaminatanning fikrlarini keltirib.
Shuningdek, uning taʼkidlashicha, turli vaksinalarni aralashtirish va birlashtirish bo‘yicha maʼlumotlar hozirda kutilmoqda hamda xavfsizligi baholanmoqda.
May oyida JSST mutaxassislari Amerikaning “Pfizer” va “BioNTech” (AQSH/Germaniya) kompaniyalarining vaksinasi bo‘yicha o‘zlarining vaqtinchalik tavsiyalarini yangilashgan. Unga ko‘ra, “AstraZeneca” ingliz-shved kompaniyasi preparatining birinchi dozasidan keyin emlashning ikkinchi dozasi sifatida “Pfizer” va “BioNTech” vaksinasidan foydalanishga ruxsat berilgan edi. Ushbu tavsiya “AstraZeneca” vaksinasini yetkazib berish yoki boshqa sabablarga ko‘ra ikkinchi dozada olish mumkin bo‘lmagan holatlarga tegishli bo‘lgan.
Kristian Lindmayerga ko‘ra, hozir Oksford universitetida “Pfizer” va “BioNTech” va “AstraZeneca” vaksinalarini aralash ishlatish taʼsiri bo‘yicha tadqiqotlar olib borilmoqda. Yaqinda ushbu jarayonga AQSHning “Moderna” va “Novovax” kompaniyalarining vaksinalari ham jalb etilgan.
«Oksford universiteti tomonidan o‘tkazilgan sinovlarning dastlabki natijalari shuni ko‘rsatdiki, “AstraZeneca” vaksinasini birinchi dozasi sifatida qabul qilib, undan keyin ikkinchi doza sifatida “Pfizer” va “BioNTech” preparati bilan emlanganlarda har ikki dozada ham “AstraZeneca” vaksinasini olganlarga nisbatan isitma va boshqa yengil yon taʼsirlar ko‘proq kuzatilgan», deydi JSST vakili.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu tadqiqotlar 50 va undan katta yoshdagi odamlar orasida o‘tkazilgan. Yon taʼsiri odatda bir necha kun davom etgan va kasalxonaga yotqizish talab qilinmagan.
Avvalroq, JSST immunizatsiya departamenti boshlig‘i O‘Brayen tashkilot koronavirusga bir xil vaksinani bilan emlashni tavsiya qiladi. Chunki turli xil vaksinalardan foydalanish taʼsiri hali o‘rganilmagan.
«Tadqiqotlar davom etmoqda va yaqin oylarda bu haqda maʼlumot olish kutilmoqda», deydi u.







