Tokio Olimpiadasida g‘olib sportchilar medallarni o‘zlari taqishadi
Xalqaro Olimpiya Qo‘mitasi prezidenti Tomas Baxning so‘zlariga ko‘ra, koronavirus tarqalish xavfini kamaytirish uchun sportchilar bo‘yinlariga medallarni o‘zlari taqishadi: «Medallar (sportchilarga) taqilmaydi. Ularni maxsus olib kelishadi, keyin esa sportchi uni o‘zi oladi. Medalni idish ustiga qo‘ygan kishi buni faqat dezinfeksiya qilingan qo‘lqop bilan bajaradi, shunda sportchi ilgari hech kim unga tegmaganiga amin bo‘lishi mumkin», — deydi Tomas Bax.

Anʼanaga ko‘ra, Olimpiya o‘yinlari sovrindorlari va g‘oliblariga Xalqaro Olimpiya Qumitasi aʼzosi yoki Xalqaro Sport Federatsiyasining yuqori martabali vakili tomonidan beriladi.
Shuningdek, koronavirus tarqalishi tufayli Yaponiya poytaxtida bo‘lib o‘tadigan Yozgi Olimpiya o‘yinlarining ochilish marosimida ishtirok etadigan martabali kishilar soni keskin kamayadi. Taʼkidlanishicha, tashkilotchilar Olimpiadaning tashkil etilishi bilan bog‘liq 1000 tadan kam odamni ochilish marosimida tomoshabin sifatida qabul qilishni rejalashtirishmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Tokiodagi Olimpiya o‘yinlari 23 iyuldan 8 avgustgacha bo‘lib o‘tadi.







