FIDE Jahon kubogi-2021: 1/64 finalda shaxmatchilarimiz qanday ishtirok etishmoqda?
Shu kunlarda Rossiyaning Sochi shahrida shaxmat bo‘yicha erkaklar va ayollar o‘rtasida Jahon kubogi musobaqalari davom etmoqda.

Umumiy mukofot jamg‘armasi 1 892 500 dollarni tashkil etgan musobaqada o‘zbekistonlik yosh grossmeysterlar ham yurtimiz sharafini himoya qilishyapti.
Musobaqaning birinchi bosqichida hamyurtlarimiz Jahongir Vohidov, Shamsiddin Vohidov, Nodirbek Yoqubboyev, Javohir Sindorov va Nodirbek Abdusattorovlarning barchasi umumiy ikki partiyadan iborat qarama-qarshilikda g‘alaba qozonib, 1/64 finalga yo‘l olishgan edi.
Afsuski, qurʼa Jahon kubogining 1/64 final bosqichida vakillarimizga juda kuchli va jiddiy raqiblarni ro‘baru qildi.
Kecha bo‘lib o‘tgan 1/64 finalning ilk partiyasida o‘tgan yili grossmeyster unvonini qo‘lga kiritgan 19 yoshli shaxmatchimiz Shamsiddin Vohidovdan tashqari barcha hamyurtlarimiz kuchli raqiblari bilan murosaga erishdi. Shamsiddin dunyo tarixidagi ikkinchi yosh grossmeyter, 2015 yilgi FIDE Jahon kubogi g‘olibi, tezkor shaxmat bo‘yicha jahon chempioni (2012 yil), blis bo‘yicha jahon chempioni (2016), 2013 va 2019 yillarda jamoaviy jahon chempionatida ikki bor chempionlik tojini kiygan rossiyalik Sergey Karyakinga qarshi qora donalarda o‘ynab yutqazib qo‘ydi.
Nodirbek Abdusattorov esa hindistonlik Aravindx Chitambaramga qarshi kechgan o‘yinda murakkab vaziyatdan chiqib keta olgani tahsinga loyiq.
FIDE Jahon kubogi-2021. 1/64 final bosqichi. Birinchi partiya:
Jahongir Vohidov – Lener Perez Dominges (AQSH) – 0,5:0,5.
Javohir Sindarov – Alireza Firuzja (Fransiya) – 0,5:0,5.
Nodirbek Yoqubboyev – David Navara (Chexiya) – 0,5:0,5.
Nodirbek Abdusattorov – Aravindx Chitambaram (Hindiston) – 0,5:0,5.
Shamsiddin Vohidov – Sergey Karyakin (Rossiya) – 0:1.
Jamshid Amirov







