Sport

Sardor qayerda qoldi?

Bola edim.

Sardor qayerda qoldi?

 

O‘zbekiston terma jamoasining barcha o‘yinlarini o‘zgacha ishtiyoq, o‘zgacha maroq ila ko‘rib borardim. Bundan tashqari har yosh toifasidagi jamoalarimizning har bir chempionatdagi bahslarini qoldirmay kuzatardim. O‘zbek jamoalari o‘ynaydigan uchrashuvlar kuni men uchun bayram bo‘lib ketardi. Barcha ishlarimni yig‘ishtirib qo‘yardim. Diqqat eʼtiborim to‘pning ketidan yugurgan futbolchilarda bo‘lardi. O‘sha vaqtlari u yoshlar jamoasi bo‘ladimi, o‘smirlar yoki milliy jamoa bo‘ladimi, unda o‘ynaydigan barcha o‘yinchilar haqida oz bo‘lsada maʼlumotga ega bo‘lganman. O‘sha vaqtlarda men o‘yinlarini kuzatgan futbolchilarning bugungi kunda deyarli yarmi ham topilmaydi yoki faoliyatida juda ham pasayish kuzatilganlari talaygina. Men bilgan, tanigan, muxlislik qilgan ana shunday futbolchilardan biri Sardor Rashidov edi. Bu futbolchi 2015 yil Yashil qitʼa bo‘lmish Avstraliyada bo‘lgan Osiyo kubogida ajoyib o‘yinlar namoyish qilgan. O‘sha chempionatdan so‘ng Rashidovning faoliyatida katta o‘zgarishlar sodir bo‘ldi. U o‘zbek futbolining kelajagi deya eʼtirof etildi. Shu vaqtlarda “Bunyodkor” klubida o‘ynagan Rashidov o‘sha yilgi mavsumda Osiyo chempionlar ligasida ham o‘zining chiroyli o‘yinlarini namoyish qilgan edi. Shundan so‘ng Sardorga bir qator xorij klublari qiziqa boshladi. U esa Qatarning “Al-Jayish” klubini tanladi. Bolalik xotiralarimga Rashidovga Yevropa jamaolaridan ham taklif bo‘lgani, biroq futbolchimiz Qatar klubini tanlanganiga asosiy sabab u yerdan Yevropaga o‘tish nisbatan oson ekanligi haqidagi xabarlar muhrlangandi. Qatarda o‘z mavqeiga ega klubga o‘tishi Rashidovning futbolchilik faoliyatida asosiy rol o‘ynadi.

 

2015-2017 yillar ushbu jamoada o‘ynagan futbolchimiz 48 marta maydonga tushib, 23 bor raqiblar darvozasini ishg‘ol qildi. Qatar klubi bilan bir qator sovrinlarga ega chiqdi. 2017-2018 yillarda Birlashgan Arab Amirliklarining “Al-Jazira” klubida to‘p tepib, 8 ta o‘yinda maydonga tushdi. Ana shundan so‘ng Sardorning futbolchilik faoliyatida nisbatan pasayish boshlandi. O‘zbek futboli kelajagi deya aytilayotgan sportchi haqidagi gaplar sekin-sekin o‘z kuchini yo‘qota boshladi. Amirliklar klubidan so‘ng futbolchimiz O‘zbekistonga qaytib keldi va “Lokomotiv” jamoasida o‘ynay boshladi. Bu yerda 23 ta o‘yin o‘tkazgan futbolchimiz raqiblar darvozasiga 8 ta to‘p kiritishga muvaffaq bo‘ldi. Bir yil Toshkent jamoasida o‘ynagan Sardor mamlakat chempionligini qo‘lga kiritdi. Shundan so‘ng uning faoliyatida yangi sahifa ochilishi kutilgandi. U o‘zbek futbolchilaridan birinchilardan bo‘lib Yevropada o‘z nomiga ega chempionatlardan biri Portugaliya chempionatiga yo‘l oldi. 2019 yil ushbu yurtning “Natsional” klubida 8 ta o‘yinda maydonga tushgan Rashidov uchta golga mualliflik qildi. Yangi jamoasi chempionatning ikkinchi ligasiga tushib ketgandan so‘ng, futbolchimiz bilan ikki yarim yilga imzolangan shartnoma yarim yilda bekor qilindi. Futbol ishqibozlari katta umid bog‘lagan Rashidov shu orada o‘ziga jamoa topolmay ovora bo‘ldi. Unga Qatar klubidan taklif bo‘ldi va «Qatar SK» futbolchisiga aylandi. U yerda 24 o‘yinda olti bor raqib darvozabonini “xafa qildi”. Shu yil “Paxtakor” klubiga qaytib kelgan Rashidov shu kunlarda yana Qatar sari safar qilish taraddudida turibdi. Futbolchi milliy terma jamoamizda kutilganidek samarali faoliyat olib borgan deya ayta olmaymiz. U jamoamiz o‘yinlarida 41 marta maydonga tushgan va 11 bor raqib darvozasiga to‘p kiritgan. Rashidov terma jamoa safiga bir-ikki yildan beri chaqirilmayapti.

 

Bolalikda futbolchining o‘yinlarini o‘zgacha zavq bilan tomosha qilgan bola, bugungi kunda uning nursiz faoliyatidan biroz ranjigan. Bir vaqtlar u bilan bog‘liq jahon chempionatiga chiqish orzusi so‘ngandek go‘yo. Sardor Rashidovning o‘yinidagi pasayishga asosiy sabab nima ekanligini bilmayman. Balki, uning shaxsiy hayoti yoki atrofdagi muhit bilan bog‘liqdir. Biroq, bir vaqtlar Yevropada porlashi kutilgan Rashidovdek futbolchilar yana yetishib chiqadi. Bolaligimda men muxlislik qilgan futbolchining yo‘qolib qolgani, bir dam odamni o‘sha poshsholik davriga qaytaradi. Futbolimizda hali talantli o‘yinchilarning yetishib chiqishiga va haqiqiy muxlislik anʼanasi shakllanishiga ishonaman.

Jamshidbek Amirov

O‘zbekiston Osiyo o‘yinlarini 5-o‘rinda yakunladi: sportchilar 70 ta medalni qo‘lga kiritdi

O‘zbekiston Osiyo o‘yinlarini 5-o‘rinda yakunladi: sportchilar 70 ta medalni qo‘lga kiritdi

Og‘ir atletikachi Akbar Jo‘rayev jahon rekordini yangiladi.

Ronaldu va Jorje Jezus yarashishi mumkin: futbolchining javobi kutilmoqda

Ronaldu va Jorje Jezus yarashishi mumkin: futbolchining javobi kutilmoqda

Avvalroq Ronaldu Portugaliya terma jamoasi yig‘inini muddatidan oldin tark etgandi.

O‘zbekiston Suriyani yirik hisobda mag‘lub etdi

O‘zbekiston Suriyani yirik hisobda mag‘lub etdi

O‘zbekiston terma jamoasi navbatdagi uchrashuvini  Janubiy Koreyaga qarshi o‘tkazadi.

Murabbiy bilan mojaro: Ronaldu Portugaliya terma jamoasi mashg‘ulotini tark etdi

Murabbiy bilan mojaro: Ronaldu Portugaliya terma jamoasi mashg‘ulotini tark etdi

Voqea murabbiy matbuot anjumanida Ronaldu bilan o‘rtasida hech qanday mojaro yo‘qligini aytganidan keyin yuz bergan.

Osiyo oʻyinlari: O‘zbekiston U-23 terma jamoasi Yaponiya bilan o‘yinda penaltilar seriyasida yutqazdi

Osiyo oʻyinlari: O‘zbekiston U-23 terma jamoasi Yaponiya bilan o‘yinda penaltilar seriyasida yutqazdi

Endi O‘zbekiston bronza medali uchun Xitoyga qarshi bahs olib boradi.

«Chelsi» Abduqodir Husanovning transferini ko‘rib chiqmoqda — manba

«Chelsi» Abduqodir Husanovning transferini ko‘rib chiqmoqda — manba

Husanovga Angliya Premyer-ligasining yana uchta klubi ham qiziqish bildirayotgani aytilmoqda.

O‘zbekiston Eronni mag‘lub etdi: Shomurodov dubl qayd etdi

O‘zbekiston Eronni mag‘lub etdi: Shomurodov dubl qayd etdi

Husayn Norchayev esa uchrashuv oxirida hisobni 3:1 ko‘rinishiga keltirdi.

Aichi-Nagoya-2026: O‘zbekiston delegatsiyasi bir kunda 15 ta medal oldi

Aichi-Nagoya-2026: O‘zbekiston delegatsiyasi bir kunda 15 ta medal oldi

O‘zbekistonlik sportchilar Osiyo o‘yinlarining navbatdagi kunida eshkak eshish, kanoe va baydarka, o‘q otish, qilichbozlik hamda sport gimnastikasi bahslarida jami 15 ta medalni qo‘lga kiritdi.

Sardor qayerda qoldi? | Zamon.uz