“Birni bersang, mingni beraman”: saxovatpesha yulduzlar xayriyada ham bir-biridan o‘zadi
Dunyoga mashhur sportchilar o‘z daromadlari hisobidan ko‘plab xayriya ishlarini amalga oshirishadi. Ana shunday ezgu ishlarni muntazam ravishda bajarib kelayotgan ayrim futbol yulduzlari va butun jahon tennis olamining nomdor vakillari misolida ko‘rib chiqamiz.

Sadio Mane
Bir necha yillardan bo‘yon “Liverpul« futbol klubining asosiy hujumchilaridan biri bo‘lib kelayotgan senegallik Sadio Mane ana shunday insonlardan biri hisoblanadi. Mane Senegal termasi bilan oxirgi Afrika millatlar kubogida kumush medallarni qo‘lga kiritdi. Klubi safida esa Yevropa chempionlar ligasi g‘olibligiga ega chiqdi. U tug‘ilib o‘sgan qishlog‘iga 250 ming yevroga maktab qurib bergan. Undan avvalroq 2019 yil senegallik futbolchi o‘z vatanida shifoxona ham bunyod etgan. Bundan tashqari u ahvoli og‘ir bo‘lgan qishloq aholisiga 70 funtdan pul to‘lab boradi va mahalliy bolalar uchun bepul futbol buyumlari olib beradi.
Krishtianu Ronaldu
Krishtianu Ronaldu dunyodagi eng kuchli va eng boy futbolchilardan biri. Uning shaxsiy va jamoaviy sovrinlari talaygina. Klublar miqyosidagi barcha musobaqalarda g‘olib bo‘lgan. Besh karra «Oltin to‘p» sohibi. Shu bilan bir qatorda Ronaldo Portugaliya termasi bilan Yevropa chempionligini va Millatlar ligasi oltin medallarini ham qo‘lga kiritgan. Faqatgina milliy jamoasi bilan jahon chempionati kubogini boshi uzra baland ko‘tarmagan. Ronaldo muntazam ravishda muhtojlarga yordam berish uchun millionlab dollar xayriya qiladi. Masalan, 2015 yilda u Nepaldagi zilzilada jabrlanganlarga 5 million funt sterling pulni ehson qildi. Undan avvalroq u o‘zining “Oltin butsa”sini kim oshdi savdosiga qo‘ydi va 1,5 million evro miqdoridagi pulni G‘azodagi maktablar qurilishiga yubordi.
Lionel Messi
Yaqinda Argentina terma jamoasi bilan Amerika kubogini qo‘lga kiritgan Messi ham katta hajmda xayriya ishlari bilan shug‘ullanadi. U 2007 yilda bolalar shifoxonasiga tashrif buyurib, bir nechta bemorlar bilan suhbatlashgandan so‘ng ularga muntazam yordam berib turishni o‘z-o‘ziga vaʼda bergan edi. Bugungi kunda Lionel Messi fondi Argentina, Ispaniya va dunyoning boshqa mamlakatlaridagi tibbiy tadqiqot markazlariga homiylik qilib kelmoqda. Shuningdek, u Suriyadagi vayron bo‘lgan maktablarni tiklash uchun katta miqdordagi mablag‘ ajratgan.
Devid Bekxem
Devid Bekxem 15 yil oldin faol xayriya ishlarini boshlagan. Angliya futbolining yorqin vakillaridan biri bo‘lmish Bekxem hozirgacha dunyo bo‘ylab 15 yoshgacha bo‘lgan millionlab bolalarni qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Xususan, Burkina-Fasodagi fondi bolalar uchun suv va sanitariya sharoitlarini yaxshilashga va Shveysariyada OIV bilan kasallangan onalar va bolalarni himoya qilishga yordam berdi.
Mesut O‘zil
Germaniya terma jamoasi bilan 2014 yilgi jahon chempionati oltin medallari sohibi Mesut O‘zil bir paytlar bolalarga yordam berish eng katta maqsadlaridan ekanligini aytgan. U insoniyat kelajagi aynan bolalar ekanligini taʼkidlagan. Futbolchi Angliya klubi bo‘lmish »Arsenal" safida to‘p tepgan paytlari nogiron bolalarga taklifnomalar yuborib turgan. 2014 yilda u Braziliyada og‘ir kasal bolalar uchun 23 ta operatsiya uchun pul to‘ladi va bir muncha vaqt o‘tgach, «Laureus Sport for Good» (xayriya ishlari bilan shug‘ullanadiganlar uchun maxsus mukofot) mukofotini oldi. Mesut doimo muhtojlarga yordam berishni xohlashini, ammo uning xayriya ishlaridan odamlar xabardor bo‘lishlarini yoqtirmasligini aytadi.
Luis Suares
Ispaniyaning «Atletiko Madrid» klubi aʼzosi urugvaylik Luis Suares ko‘p hollarda xulqi orqali namuna ko‘rsata olmasada, ammo bemor bolalar haqida gap ketganda, Suares farishtaga aylanadi. 2014 yilda u Urugvaydagi bolalar shifoxonasiga yangi yil bayrami arafasida 500 ta savatda sovg‘alar taqdim etadi. 2015 yilda futbolchi onkologiya bilan og‘rigan bolalar bilan do‘stona suhbat o‘tkazib, ularni nihoyatda xursand qiladi. U 2016 yil aprel oyida, fenilketonuriya (aminokislota metabolizmining buzilishi bilan bog‘liq irsiy kasallik) bilan og‘rigan muxlis bilan ushrashgandan so‘ng xayriya auksioniga borib, davolash bo‘yicha tadqiqotlarni moliyalashtirish uchun mablag yig‘di.
Zlatan Ibragimovich
Zlatan Ibragimovich muntazam ravishda turli xayriya fondlariga yordam beradi. Xususan, 2014 yilda u Shvetsiyadagi nogiron futbolchilar jamoasiga sport anjomlari sotib olish uchun 50 ming dollardan ortiq mablag‘ ajratgan. 2015 yil fevral oyidagi bir futbol bahsida gol urganidan so‘ng futbolkasini yechib tashladi va ikki daqiqadan so‘ng sariq kartochka oldi. Ammo, bu ikki daqiqa futbol ishqibozlarining Ibragimovich tanasida 50 ta tatuirovkani ko‘rish uchun yetarli bo‘ldi. Uning tanasida ochlikdan aziyat chekayotgan nomaʼlum odamlarning ismlari yozilgan edi. Shundan ham Zlatanning muhtojlarga nisbatan naqadar saxovatpesha ekanligini ko‘rishimiz mumkin.
Dunyo tan olgan tennischilar ham
Dunyo tennis olamida tengsiz bo‘lib kelayotgan bir qator tennischilar xususan Nadal va Agassi, Sharapova va Jokovich, Myurrey, opa-singillar Uilyams va aka-uka Brayanlar muntazam xayriya ishlarini amalga oshirib kelishadi. Rojer Federer, Rafael Nadal, Novak Jokovich, Endi Marrey, opa-singillar Uilyams, Mariya Sharapova kabi darajadagi sportchilar doimiy ravishda o‘z fondlari orqali turli xil xayriya loyihalariga homiylik qilishadi. Rossiyalik tennischi Mariya Sharapova Rossiyadagi bir qancha bolalar uylariga 40 ming dollar miqdoridagi pul mablag‘ini xayriya qilgan. Sharapovaning jamg‘armasi Chernobil AESidagi avariya qurbonlarini ham qo‘llab-quvvatlagan.
Ispaniyalik raketkachi Rafael Nadal esa kam taʼminlangan oilalardagi bolalar va o‘spirinlarning ijtimoiylashuviga yordam beradi, umuman sport va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qiladi. Jahondagi tennischilar ruyxatining karvonboshisi serbiyalik Novak Jokovich jamg‘armasining asosiy maqsadi turli mamlakatlardagi kambag‘al bolalarga yordam ko‘rsatish bo‘lsa, Rojer Federer jamg‘armasining maqsadi Afrikadagi muhtoj bolalarni qo‘llab-quvvatlash.
Masalan, 2015 yilda Federer jamg‘armasi Afrikaning janubidagi Zambiya, Mozambik va Tanzaniya bilan chegaradosh bo‘lgan Malavida 81 ta maktab va maktabgacha taʼlim muassasalarini qurish uchun 13,5 million dollar ajratdi. Bundan tashqari, har yili (2004 yildan beri) jamg‘arma nafaqat Malavida, balki Afrikaning boshqa bir qator qashshoq mamlakatlari - Tanzaniya, Zimbabve, Efiopiya, Mali va Botsvanada ham taʼlimni qo‘llab-quvvatlash uchun qariyb 3 million dollar ajratdi.
Shuningdek, Rojer ishtirokidagi xayriya uchrashuvlaridan tushgan mablag‘ afrikaliklarni qo‘llab-quvvatlashga sarflanadi. Federerning onasi ham aynan Afrika qitʼasidan bo‘lganligi sababli sportchi muntazam ravishda u yerda xayriya ishlarini olib boradi.
Jamshidbek Amirov







