MOQ “Ozodlik” radiosiga javob qaytardi
Milliy Olimpiya qo‘mitasi “Ozodlik” radiosida eʼlon qilingan «Tokioga yo‘l olgan o‘zbek yengil atletikachilari prezident vaʼda qilgan mukofot pulini kutmoqda» nomli maqolasiga izoh berdi. Bu haqda Milliy Olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.


“Ozodlik” radiosi mazkur maqolada Milliy Olimpiya qo‘mitasi va Yengil atletika federatsiyasining sportchilarga prezident tomonidan vaʼda qilingan mukofot pullarini bermayotganiga daʼvo qilgan.
Qo‘mita esa radioning ushbi tanqidiy maqolasi haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini bayon qilib, bir qator dalillarni keltirdi. Unga ko‘ra, Olimpiya o‘yinlarida 7 nafar yengil atletikachi ishtirok etishi, litsenziyalar 1 iyul kuni tasdiqlangani hamda ular 5 iyul sanasida mashg‘ulot o‘tkazish uchun Turkiyaga jo‘nab ketgani taʼkidlangan. Shuningdek, Milliy Olimpiya qo‘mitasi sportchilarga mukofot pullarini topshirish uchun ularni mashg‘ulotlardan chalg‘itmaslikni, pandemiya sharoitida ularni tadbirlarga jalb qilmaslikni, mukofot pullarini esa Olimpiya o‘yinlari tugagach, o‘z egalariga topshirilishi rejalashtirilganini sabab qilib keltirgan.
Eslatib o‘tamiz, Olimpiya va Paralimpiya yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan sportchilarga prezident tomonidan mukofot puli vaʼda qilingan. Qarorga muvofiq, Olimpiya o‘yinlari yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan sportchiga 100 million so‘m, uning murabbiyiga esa 50 million so‘m pul mukofoti berilishi ko‘rsatilgan.
Maʼlumot o‘rnida, Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarida sovrindor bo‘lgan sportchilarga Prezident qaroriga asosan, pul mukofotlari to‘lab beriladi. Xususan, Olimpiadada oltin medalni qo‘lga kiritgan sportchi uchun 200 ming, kumush medal uchun 100 ming va bronza medalini qo‘lga kiritganligi uchun 50 ming AQSH dollari miqdorida pul mukofoti to‘lab berilishi ko‘zda tutilgan.
Jamshidbek Amirov







