Qochqinlar Olimpiadada yangi nom bilan ishtirok etmoqda
Qochqinlar masalasi bugungi davrning eng dolzarb muammolaridan biri sanaladi.

BMT maʼlumotlariga ko‘ra, hozirda 82.4 million kishi turli sabablarga ko‘ra, o‘zi yashab turgan joyni tark etishga majbur bo‘lgan. Qochqinlaring aksariyati Yaqin Sharq va Afrika mamlakatlari hisobiga to‘g‘ri kelib, ular fuqarolar urushi hamda o‘ta qashshoq hayotni tashlab, katta umidlar bilan rivojlangan davlatlarga yo‘l olishgan. Ularning ko‘pchiligi katta qiyinchilik, azob va uqubatlar bilan Yevropaga yetib olishsa-da, bu yerda ularning moslashishi, jamiyatga qo‘shilib ketishi xiyla murakkab kechadi. Qochqinlarning o‘z yo‘lini topishi, jamiyatda o‘z o‘rniga ega bo‘lishi alohida bir muammodir. So‘nggi yillarda ko‘plab xalqaro tashkilotlar ana shu muammoga yechim topishga harakat qilmoqda. Xalqaro Olimpiya Qo‘mitasi ham ana shular sirasiga kiradi. Bir qarashda XOQ va qochqinlar orasida biror bir bog‘liqlik yo‘qdek. Ammo tashkilot bir necha yildan beri o‘z vazifa va vakolati doirasida qochqinlarning jamiyatda o‘z o‘rniga ega bo‘lishi borasida katta ishlarni amalga oshirmoqda. Shulardan biri Qochqinlar terma jamoasi tashkil etilishidir.
Qochqinlar jamoasi ilk bor “Rio —2016” da paydo bo‘ldi. Uni tuzishdan asosiy maqsad — Yaqin Sharqdan Yevropaga majburan migratsiya qilingan insonlar taqdiriga jahon ommasi eʼtiborini jalb qilishdan iborat. 2016 yilgi Olimpiadada Qochqinlar jamoasidan 10 nafar sportchi 3 sport turi bo‘yicha ishtirok etgan edi.
Tokio Olimpiadasida ishtirok etish uchun 56 nafar qochqin-sportchi so‘rovnoma topshirgan bo‘lsa, shundan 29 nafariga ishtirok etishga ruxsat berildi. Ular 12 sport turi bo‘yicha bellashishmoqda.
—Sizning ishtirokingiz dunyoga birdamlik, matonat va umid haqidagi murojaatnomadir, —deb taʼkidladi XOQ prezidenti Tomas Bax. — 2016 yilda qochqinlar jamoasi “Mustaqil Olimpiya sportchilari terma jamoasi” nomi bilan qatnashgan bo‘lsa, bu yilgi o‘yinlarda ular Refugee Olympic Team — Qochqinlar Olimpiya terma jamoasi nomi ostida ishtirok etishmoqda. Jamoa nomi o‘zgarishi ham qochqinlar muammosiga eʼtiborni kuchaytirishga xizmat qiladi.
Jamoaga Afg‘oniston, Venesuyela, Kongo Demokratik Repspublikasi, Eriteriya, Eron, Iroq, Kamerun, Kongo Respublikasi, Suriya, Sudan va Janubiy Sudanlik qochqinlar jalb qilingan. Ularning taqdiri turlicha, ular turli mamlakat va qitʼa vakillari, lekin ularning barchasini bir jihat birlashtirib turadi — sport millionlab qochqinlarga umid bera oldi. Shu o‘rinda ularning ayrimlari taqdiri haqida hikoya qilishni lozim topdik.
Yusra Mardini — 18 qochqinni qutqargan qiz
Qochqinlar Terma jamoasining eng mashhur vakili, shubhasiz, Yusra Mardini sanaladi. Mardini uchun bu ikkinchi Olimpiada: u “Rio — 2016”da ham ishtirok etgan. Garchi o‘shanda sovrinli o‘rinni egallay olmagan bo‘lsa-da, lekin sport va jahon jamoatchiligi orasida nom qozondi. Uning hayot yo‘li tom maʼnoda dramatik yo‘sinda kechgan. Yusra Suriyada tug‘ilgan, bolaligidan suzish bilan shug‘ullangan. U suzish bo‘yicha Suriya terma jamoasi aʼzosi edi . Hammasini mamlakatda boshlanib ketgan fuqarolar urushi to‘xtatib qo‘ydi. “Biz o‘ta qiyin sharoitda yashardik, bir qancha vaqtdan so‘ng yaqinimizga, jumladan, men shug‘ullanadigan basseyn va olimpiya stadioniga bombalar yog‘ila boshladi. Otam Suriyada emas, bizga doimiy ravishda mablag‘ yetishmas edi. Ko‘plab do‘stlarim mamlakatni tark etishdi, maʼlum vaqtdan so‘ng men ham ortiq qola olmasligimni tushundim va yangi hayot boshlashga ahd qildim”, degan edi sportchi Wonderzine nashriga bergan intervyusida.
Mardini Gretsiyaga ketishga qaror qiladi. U yerga faqat Turkiya orqali o‘tish mumkin edi. Turkiyada Mardini, singlisi va yana 18 qochqin Egey dengizida qayiqqa o‘tqaziladi. Lekin ochiq dengizda qayiq boshqaruvni yo‘qotadi va cho‘kib ketish xavfi paydo bo‘ladi. Faqat Mardini va uning singlisi Sara hatti-harakatlari hisobiga qayiq Lesbos oroliga yetib oladi hamda barcha qochqinlar tirik qolishadi. Bu yerda ham sportchining suzish qobiliyati qo‘l keladi: u singlisi bilan bir necha soat qayiqni qirg‘oq tomon sudrab boradi.
Shundan keyin Mardini Germaniyaga yo‘l oldi va Berlinda yashay boshladi. Germaniyada ham suzish unga yordam berdi: Yusra sport maktabiga kirdi va bir necha yutuqlarga erishdi. Bu haqda uning o‘zi “agar sportchi bo‘lmaganimda, yangi mamlakatda moslashishim qiyinroq kechardi” deb eslaydi.
2016 yilgi Olimpiadada u erkin usulda 100 metr masofaga qirq beshinchi, batterflay usulida 41-bo‘lib yetib keldi. Tokioda ham omadi chopmadi: marraga oxirgi bo‘lib keldi. Lekin Mardini shusiz ham hech qachon umidini so‘ndirmagan va boshqalarga umid baxsh eta olgan shaxs ekanini isbotladi. Hozirda Yusra BMT Qochqinlar masalalari Oliy Komissari boshqarmasining maxsus elchisi hisoblanadi. Bundan tashqari u o‘zining suzish maktabini ochmoqchi. Mardini haqida Netflix film olishni rejalashtirgan.
12 yoshida sahroni kesib o‘tgan marafonchi
Eriteriyalik Taxlovini Gabreesos takdiri ham filmlar uchun yaxshi syujet bo‘lishi shubhasiz. 12 yoshligida uning hayotiga jiddiy xavf paydo bo‘lishi Gabreesosni vatanini tark etishga majbur qiladi. 12yoshli bola sahro orqali Sudan va Misrni kesib o‘tadi hamda Isroilga borib, qochqin maqomini oladi. Isroilda u yengil atletika bilan shug‘ullanadi, uni mahalliy klub qo‘llab-quvvatlaydi, shuningdek, XOQ maxsus stipendiyasini oladi. 2021 yilning bahorida Gabreesos Qochqinlar terma jamoasida birinchi bo‘lib Olimpiada yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
Qochqinlar jamoasi orqali dunyo tinchlik va barqarorlikning qanchalik muhim ekanligini anglab yetadi. Ushbu jamoani tuzishdan asosiy maqsad ham aslida shu. XOQning eng katta xizmati shundan iboratki, qochqinlar ham boshqalar qatori insonligini, ular ham boshqa sportchilar bilan teng huquqlarga ega ekanligini isbotlay oldi. Shuningdek, bu qochqinlar huquqini himoya qilish tomon tashlangan katta qadam bo‘ldi.
Qochqinlar terma jamoasi aʼzolari aslida mutlaq chempionlardir. Ular hayotning barcha sinovlaridan munosib o‘tib, irodasi va umidini saqlab qolgan INSONlardir.
Jahongir Qo'ziyev







