O‘zbekiston—Tojikiston—Rossiya harbiy mashg‘ulotlari qanday va nima maqsadda tashkil etilmoqda?
Shu yilning 2 avgust kuni Termizda O‘zbekiston va Rossiya harbiylari ishtirokidagi “Janub-2021” qo‘shma mashg‘ulotlariga start berildi. Ushbu mashg‘ulotlar 8 avgustga qadar o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Bundan tashqari 5 avgust kuni Tojikistonning “Harb maydoni” poligonida O‘zbekiston—Rossiya—Tojikiston ishtirokida ko‘shma mashqlar ham boshlanadi. Xo‘sh, Markaziy Osiyo janubida bu kabi mashg‘ulotlar nima uchun o‘tkazilmoqda va bu mintaqadagi umumiy vaziyatga qanday taʼsir qiladi?


Afg‘oniston faktori
AQSH va NATO qo‘shinlari Afg‘onistondan olib chiqilayotgani ortidan rasmiy Kobul va “Tolibon” o‘rtasida to‘qnashuvlar kuchayib ketdi. “Tolibon” iyul oyida Afg‘oniston chegaralarining 90 foizini o‘z nazoratiga olganini eʼlon qildi.
Natijada Afg‘onistonning bevosita qo‘shnilari bo‘lgan Tojikiston va O‘zbekiston chegaralarida vaziyat birmuncha keskinlashdi. Har ikki davlatga Afg‘onistondan qochqinlar o‘tishi kuzatildi. Bunday vaziyatda harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazilishi tabiiy holat sanaladi. Jumladan, iyun oyida O‘zbekiston Mudofaa vazirligi Termizda harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazdi. 22 iyul kuni esa Tojikistonda 230 ming kishi ishtirok etgan o‘quv-tayyorgarlik mashqlari bo‘lib o‘tdi.
Rossiyaning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan birgalikdagi mashg‘ulotlari ham Afg‘onistondagi vaziyat keskinlashuvi bilan bog‘liq. Moskva uchun mintaqa barqarorligi muhim hisoblanadi. Chunki Markaziy Osiyodagi barqarorlik Rossiyaning janubiy chegaralari daxlsiziligining muhim shartidir. O‘zbekiston Markaziy Osiyoda eng zamonaviy va mustahkam qurolli kuchlarga ega. Shu sababli Rossiya mintaqadagi barqarorlik masalasida, eng avvalo, O‘zbekiston bilan hamkorlik qilishdan manfaatdor. Termizdagi o‘quv mashg‘uloti O‘zbekiston Qurolli kuchlari uchun ham tajriba almashish va o‘z malakasini yana-da oshirishga xizmat qiladi. So‘nggi maʼlumotlarga ko‘ra, ushbu jarayonda har ikki davlatning 1.5 ming harbiy xizmatchilari ishtirok etadi, shuningdek, 200ga yaqin harbiy texnika, jumladan, aviatsiya qismlari ham jalb etilgan. Bularning bari vaziyatga tomonlarning naqadar jiddiy eʼtibor berayotganidan dalolat beradi.
O‘zbekiston—Tojikiston—Rossiya qo‘shma mashg‘ulotlari nisbatan keng miqyosda o‘tkazilmoqda. Bu jarayonlarga uch tomondan jami 2500 dan ziyod harbiylar, 25 harbiy va transport vertolyotlari va 300 ga yaqin texnika jalb qilingan. Eʼtiborlisi, mashg‘ulotlar o‘tkaziladigan “Harb maydoni” poligoni Afg‘oniston chegaralaridan 20 km uzoqlikda joylashgan. O‘quv mashqlarini kuzatish maqsadida RF Mudofaa vaziri Sergey Shoygu Tojikistonga tashrf buyuradi. Bunda quyidagi jihatlarga eʼtibor qaratish lozim bo‘ladi:
Birinchidan, Tojikiston mintaqaning boshqa mamlakatlariga nisbatan Afg‘oniston bilan juda katta — jami 1300 km chegaraga ega. Ustiga ustak chegaralar asosan tog‘li hududlardan o‘tgan bo‘lib, bu yerni nazorat qilish o‘ta murakkab. Bu va yana boshqa bir qancha omillar Tojikistonni mintaqadagi yirik kuchlar, eng avvalo, O‘zbekiston va Rossiyaning qo‘llab-quvvatlashini taqazo etadi.
Ikkinchidan, Rossiya o‘tgan oyda Moskvada “Tolibon” bilan bir qancha muzokaralar o‘tkazdi. Avgustda esa Markaziy Osiyoda, bevosita Afg‘oniston chegaralari yaqinidagi harbiy mashg‘ulotlarda ishtirok etmoqda. Bu bilan Moskva “Tolibon”ga diplomatik vositalar bilan birga harbiy imkoniyatlarini ham namoyish qilmoqda. Bundan tashqari RF va Tojikiston Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti (KXSHT) aʼzolari hisoblanadi. Tojikistondagi mashg‘ulot ikki mamlakatning tashkilot doirasidagi majburiyatlariga ham mos tushadi.
Uchinchidan, O‘zbekistonning bu mashg‘ulotlardagi ishtiroki harbiylarimiz uchun qo‘shimcha tajriba bilan birga, mamlakatimizning Markaziy Osiyo chegaralari daxlsizligini saqlashga tayyorligini ko‘rsatadi. Mintaqada barqarorlik saqlanib qolishida barcha Respublikalar mustahkam hamkorligi juda muhim hisoblanadi. O‘zbekistonning mashg‘ulotlarda ishtiroki ana shu hamkorlikka misol bo‘la oladi.
Jahongir Qo‘ziyev







