Sport

2024 yil Parijda bo‘ladigan Olimpiadada ham oltin medal olishga vaʼda beraman — Akbar Jo‘rayev

2016 yil Rio de-Janeyro shahrida o‘tkazilgan yozgi Olimpiya o‘yinlarida og‘ir atletikachimiz Ruslan Nuriddinov Olimpiada rekordini o‘rnatib, chempion bo‘lgandi. Uning g‘alabasi xalqimiz tomonidan katta xursandchilik bilan kutib olingan edi. Ayni kunlarda Yaponiya poytaxti Tokio shahrida bo‘lib o‘tayotgan Olimpiadada yana bir og‘ir atletikachimiz Akbar Jo‘rayev oltin medal sohibiga aylandi va Olimpiya rekordini yangiladi.

2024 yil Parijda bo‘ladigan Olimpiadada ham oltin medal olishga vaʼda beraman — Akbar Jo‘rayev

 

 

“Tokio-2020” Olimpiadasida 105 kg vaznda qatnashgan Akbar Jo‘rayev jamoamiz hisobiga ikkinchi oltin medalni olib keldi. Hamyurtimizning chempionlikni qo‘lga kiritishi oson kechgani yo‘q. Jo‘rayev bellashuvning dast ko‘tarish mashqida 193 kg bilan asosiy raqobatchisi armanistonlik Simon Martirosyandan 2 kg ortda qolayotgan edi. Biroq siltab ko‘tarish mashqida 237 kg toshni ko‘tarib, umumiy 430 kg bilan Olimpiada rekordini o‘rnatdi. Jo‘rayevning ushbu g‘alabasidan so‘ng delegatsiyamiz 2 ta oltin va 1 ta bronza medalga ega bo‘ldi. Shu tariqa jamoamiz medal jamg‘arish bo‘yicha umumjamoa hisobida bir necha pog‘ona yuqorilashga muvaffaq bo‘ldi.

 

Qiziqish — g‘alaba poydevori

 

Akbar Jo‘rayev 1999 yil 8 oktyabrda Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida tug‘ilgan. U bolaligidan og‘ir atletika sport turiga qiziqdi. Akasi bilan birga tosh ko‘tarib, sportga mehr qo‘ydi. Akbar Jo‘rayev 12 yoshida Bo‘stonliq tumanidagi Soyliq qishlog‘idagi 11-maktab sport zalida tayyorlana boshladi. Maktabni tugatganidan so‘ng  Toshkent shahridagi respublika olimpiya zahiralari sport kollejida tahsil oladi. Bugungi kunda qahramonimiz O‘zbekiston jismoniy tarbiya va sport institutining 2-bosqich talabasi hisoblanadi.

 

Ruslan Nuriddinovni ortda qoldirdi

 

Jo‘rayev Olimpiada chempionligini qo‘lga kiritgunga qadar bir qator musobaqalarning g‘olib va sovrindori bo‘lgan. Xususan, u 2018 yil o‘smirlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida oltin medal, jahon chempionatida esa kumush medalni qo‘lga kiritdi. 2018 yil noyabr oyida Turkmaniston poytaxti Ashxabod shahrida o‘tkazilgan jahon chempionatida sportchimiz 102 kg vazn toifasida dast ko‘tarish musobaqasida 180 kg og‘irlikni ko‘tarib, oltin medal sohibiga aylandi. O‘smirlar o‘rtasidagi so‘nggi jahon chempionati chempioni bo‘ldi. 2019 yil Tailandning Pattaya shahrida bo‘lgan jahon chempionatida esa kumush medalni qo‘lga kiritdi. Akbar Jo‘rayev qayd etgan 417 kg natija yoshlar o‘rtasida jahon rekordini yangiladi. 2020 yilda  Xalqaro birdamlik chempionatida ikkita mashq hisobi bo‘yicha 410 kg ko‘tarib, chempion bo‘ldi. Jo‘rayev shu yilning aprel oyidagi Osiyo chempionatida. 109 kg vazn toifasida dast ko‘tarishda 194 kg, siltab ko‘tarishda 234 kg (jami 428 kg) natijani qayd etib, ikkinchi o‘rin sohibiga aylandi. Sportchimiz shu yilgi O‘zbekiston chempionatida Olimpiada chempioni Ruslan Nuriddinovni 12 kilogrammga ortda qoldirib, Tokio Olimpiadasida qatnashish huquqini qo‘lga kiritdi.

 

Otasining orzusi ushaldi

Hafiza Normatova, chempion onasi:

 - Farzandimning chempion bo‘lganidan benihoya baxtiyorman. Lekin, ming afsuski, uning Olimpiadada oltin medal olganini otasi ko‘rolmadi. Xo‘jayinim 2018 yil Ashxobodda bo‘lgan jahon chempionatida Akbarning g‘alabasidan so‘ng xursandchilikdan o‘ziga sig‘may qoldi va yurak xurujidan olamdan o‘tdi. Otasi o‘g‘lining kelajakda O‘zbekistonimiz faxri bo‘lishini juda ham xohlardi. Mana bugun uning orzusi ushaldi. Hamma onaga farzandining yutug‘ini ko‘rish nasib etsin. O‘g‘limning chempionligi sabab uyimizdan mehmon arimay qoldi. Ayniqsa, Prezidentimizning  eʼtirofidan boshim osmonga yetdi. Bolamning eson-omon yetib kelishini intizorlik bilan kutyapman.

 

 «Og‘ir toshlarni ko‘tarsa, onasining joni achirdi»

Navruza Ubaydullayeva, chempion xolasi:

- Akbarjon bugun o‘z oldiga qo‘ygan barcha orzulariga yetishdi, deb o‘ylayman. Ota-onasining orzu-havasini amalga oshirdi. O‘zbek xalqiga mustaqillik bayramimiz oldidan munosib sovg‘a hozirladi. Hayajonimiz haligacha bosilgani yo‘q.  Akbarjon bolaligidan akasiga ergashib men ham og‘ir atletikachi bo‘laman, deb yurardi. Mana bugun niyatlariga ortig‘i bilan erishdi. Onasi o‘g‘lining sportning og‘ir turini tanlaganiga hamisha xavotirda edi. Ayniqsa, og‘ir toshlarni ko‘targanida joni achirdi. Biroq Akbarjon o‘z ahdidan qaytmadi va Olimpiada chempioni bo‘ldi. Guvoh bo‘lganlaringizdek, bugun u xalqimizning, Prezidentimizning yuzini yorug‘ qildi. 

 

   So‘z — chempionga

Akbar Jo‘rayev:

- Fursatdan foydalanib, biz ishtirokchilarni g‘alaba sari qo‘llab-quvvatlab turgan barcha-barchaga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman. Bu yutuq bir meniki emas, balki butun O‘zbekistonimizniki. Oltin medal bilan xalqimizni qutlayman. G‘alabani qo‘lga kiritishimda mehnati singgan O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasiga va murabbiylarimga rahmat aytaman. Xudo xohlasa 2024 yil Parijda bo‘ladigan Olimpiadada ham oltin medal olib, yurtimizga yorug‘ yuz bilan qaytishga vaʼda beraman.

 

Jamshidbek AMIROV suhbatlashdi.

2024 yil Parijda bo‘ladigan Olimpiadada ham oltin medal olishga vaʼda beraman — Akbar Jo‘rayev | Zamon.uz