Dunyoga mashhur stadionlar: ularga qancha pul sarflangan va qancha tomoshabin sig‘adi?
“Sokker siti” stadioni. Janubiy Afrika Respublikasida joylashgan ushbu stadion 1989 yildan buyon futbol bo‘yicha nufuzli chempionatlarga mezbonlik qilib kelmoqda.

Shakl jihatidan hind kosasini eslatadigan ushbu stadionning qurilishiga 440 million dollar sarflangan va u 94 ming 736 nafar tomoshabinni sig‘dira oladi.

“Kamp Nou” stadioni. “Ertaknamo shahar” deb taʼriflanuvchi Barselonada qad rostlagan “Kamp Nou” stadioni nafaqat 99 ming 354 nafar futbol ishqibozini sig‘dira olishi bilan, balki takrorlanmas dizayni va atrofidagi go‘zal tabiati bilan ham ajralib turadi. Mazkur stadion barpo etilishiga 288 million yevro sarflangan.

“Melburn Kriket Graund” stadioni. U Avstraliyaning Melburn shahrida joylashgan. Arenaning qurilishi 1988 yilda nihoyasiga yetgan. Qurilish qiymati 400 million dollarni tashkil etadi. 100 ming 24 nafar muxlis stadiondan turib sport bahslarini bevosita kuzatishlari mumkin.

AT&T" stadioni. Nafaqat futbol, balki basketbol o‘yinlari o‘tkazish uchun ham mo‘ljallangan ushbu stadion AQSHning Texas shtatida joylashgan. Stadion 105 ming 121 nafar muxlisni sig‘dira oladi. Uning qurilishiga sarflangan mablag‘ 357 million dollarni tashkil etadi.

“1 may stadioni”. Koreya Xalq Demokratik Respublikasining poytaxti Pxenyanda joylashgan ushbu ko‘p tarmoqli stadion dunyodagi eng katta o‘yingoh, deb tan olingan. Keling, ushbu stadioning tarixiga ham nazar tashlaylik. Nega aynan “1 may stadioni”, deb ataladi? Chunki uning qurilishi XIII-yoshlar va talabalar festivaliga to‘g‘ri kelgan va ochilish marosimi “1 may —Xalqaro mehnatkashlar kuni”da bo‘lib o‘tgan. Bu stadionda bir vaqtning o‘zida 150 ming sport ishqibozi futbol bahslarini tomosha qilishlari mumkin. Inshootning qurilishiga 412 million dollar sarflangan.

Oybek Shukurov







