Markaziy Osiyo prezidentlari maslahat uchrashuvi nima beradi?
Bugun Turkmanistonning “Avaza” sayyohlik zonasida Markaziy Osiyo dalatlari rahbarlarining navbatdagi Maslahat uchrashuvi bo‘lib o‘tmoqda.

Unda davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev ishtirok etyapti. Mazkur formatdagi birinchi uchrashuv 2018 yil 15 martda Nursulton shahrida bo‘lib o‘tgan edi. Maslahatlashuv kengashi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi va saʼy-harakati bilan tashkil etilgan. Ushbu uchrashuvlardan asosiy maqsad Markaziy Osiyo mamlakatlarida mavjud umumiy muammolarni hal qilish, iqtisodiy, xavfsizlik va madaniy sohalardagi hamkorlikni kuchaytirishdan iborat. Davlatimiz rahbari prezidentlik vazifasiga kirishgan dastlabki kunlardanoqq tashqi siyosatda mintaqa mamlakatlari bilan konstruktiv aloqalarni yo‘lga qo‘yish va hamkorlikni mustahkamlash vazifasini qo‘ydi. Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvi ana shu siyosatning amaldagi ifodasi bo‘ldi.
O‘zbekistonning iqtisodiy rivojlanishi va xavfsizligi uchun o‘z qo‘shnilari bilan mustahkam aloqalarni yo‘lga qo‘yishi muhimdir. Masalan, birgina Qozog‘iston bilan 2021 yil yanvar-iyun oylaridagi savdo aylanmasi 2 milliard, Qirg‘iziston bilan 425 million, Tojikiston bilan 231million, Turkmaniston bilan 280 million dollarni tashkil etmoqda. Bularning bari o‘tgan 5 yilda kengaytirilgan hamkorlikning natijasidir. Agar 2016 yilda O‘zbekistonning qo‘shni davlatlar bilan savdo aylanmasi 2.5 milliard dollarni tashkil etgan bo‘lsa, 2020 yilda bu ko‘rsatkich 5 milliarddan oshib ketdi.
Markaziy Osiyo xavfsizligi masalasi, ayniqsa, Afg‘onistondagi vaziyat keskinlashuvi ortidan yana-da dolzarb ahamiyat kasb eta boshladi. Shu bois so‘nggi yillarda mintaqa mamlakatlari o‘rtasida harbiy va xavfsizlik bo‘yicha ham aloqalar kengaydi.
Bularning bari mintaqa mamlakatlari o‘rtasida hamkorlikni chuqurlashtirishni taqozo etadi. Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvi ayni shu maqsadga xizmat qiladi.
Nabatdagi uchrashuv 2019 yil Toshkentda bo‘lib o‘tgan edi. Unda madaniy, iqlim o‘zgarishi, energetika, xavfsizlik masalalari muhokama qilindi. Toshkent uchrashuvi maslahatlashuv kengashi faoliyatining yana-da kengayishi, davlatlararo munosabatlarning yaxshilanishida katta ahamiyat kasb etdi.
Bugungi Maslahat uchrashuvi oldingilaridan nimasi bilan farq qiladi?
Birinchidan, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari pandemiyadan keyin ilk bor uchrashishmoqda. Chunki o‘tgan yili pandemiya bilan bog‘liq vaziyat tufayli Bishkekda o‘tkazilishi kerak bo‘lgan uchrashuv qoldirilgan edi.
Ikkinchidan, Afg‘onistondagi vaziyat 2021yilda keskinlashdi. Bu, albatta, mintaqadagi barcha mamlakat uchun muhimdir. Bunday sharoitda tomonlar o‘z xatti-harakatlarini muvofiqlashtirishi zarur. Shu bois Maslahat uchrashuvida Afg‘oniston masalasi markaziy o‘rinda turadi.
Uchinchidan, pandemiya natijasida vujudga kelgan murakkab iqtisodiy vaziyat bu sohada ham hamkorlikni kengaytirishni taqozo qilmoqda. Iqtisodiy aloqalarni yana-da chuqurlashtirish masalasi butun mintaqa taraqqiyoti uchun muhimdir.
To‘rtinchidan, iyul oyida Toshkentda o‘tkazilgan "Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik. Tahdid va imkoniyatlar” xalqaro konferensiyasida O‘zbekiston tomonidan ilgari surilgan transport-logistika tashabbuslari ham uchrashuvning asosiy masalalaridan biri bo‘ladi.
Qolaversa, Markaziy Osiyo taraqqiyoti va barqarorligi mintaqa mamlakatlari o‘rtasida yaxshi qo‘shnichilik munosabatlari o‘rnatilishini taqazo etadi.
Jahongir Qo'ziyev







