Vaksina homilaga taʼsir ko‘rsatishi mumkinmi?
AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda Koronavirusga qarshi kurashish shtabi aʼzosi Sevara Ubaydullayeva vaksinatsiya bo‘yicha aholi savollariga javob berdi.

– Men homilador bo‘lishni rejalashtiryapman, sizlar vaksina olish homiladorlikka taʼsir qilmaydi deyapsizlar. Mahallamizdagi kelin vaksinatsiyadan keyin 3 oylik homilasini oldirdi. Holatga izoh bersangiz.
«Vaksinatsiya aslida inson organizmida tashqaridan tushadigan yot infeksiyaga qarshi himoya antitana ishlab chiqish uchun organizmga yuboriladigan dori vositasi. U organizmga kirishi bilan organizmda immunitet aʼzolari va hujayralariga taʼsir ko‘rsatadi.
Vaksina homiladorlarda klinik tadqiqotdan o‘tkazilmagan. Vaksina homila rivojlanishiga taʼsir ko‘rsatishi yoki yo‘qligi haqida asosli maʼlumotlar mavjud emas. Homilasini oldirgan kelinchak holati esa chuqur o‘rganishni talab etadi, chunki vaksinadan oldin onaning salomatligi, yoshi, tashqi taʼsirlar ham bolani rivojlanmasligiga va homilada nuqsonlar paydo bo‘lishiga olib keladi.
Bunday holatlar vaksinagacha ham bor edi, aynan bir kelinchak holatini vaksina bilan bog‘lash noto‘g‘ri, uni o‘rganib chiqilgandan keyin to‘g‘ri fikr va xulosa chiqarish mumkin», – dedi Sevara Ubaydullayeva.







