Olimpiadada bronza yutgan sportchining qishlog‘ini asfalt qilib beradigan bo‘lishdi
O‘z faoliyatini dastlab muay-tay sportida boshlagan 23-yoshli qiz Lovlina Borgoxain Hindiston boksi tarixidagi uchinchi medalni qo‘lga kiritdi.

Borgoxainning g‘alabasi butun mamlakatda katta bayramga aylanib ketdi. Xususan, Hindiston prezidenti Ram Nath Kovind o‘zining Twitter’dagi sahifasida bokschini tarixiy g‘alaba bilan tabrikladi.
Borgoxain Hindistonning shimoli-g‘arbiy qismida joylashgan Assam viloyati Baromuxiya qishlog‘ida yashaydi. Bu hududga olib boradigan yagona yo‘l qumliklardan iborat. Mahalliy aholining so‘zlariga ko‘ra, yomg‘ir yog‘ganida yo‘l loyga aylanib, hatto transport bilan ham harakatlanib bo‘lmay qoladi.
“Ba’zida yo‘l chuqurlarga to‘lib ketardi. Farzandlarim bilan mototsiklda qaytmoqchi bo‘lsak, harakatdan to‘xtab piyoda yurishimizga to‘g‘ri kelardi”, – deya xotirlaydi Lovlinaning otasi Tiken Borgoхain. “Qizimning g‘alabasi qishlog‘imiz uchun buyuk in'om”.
Endilikda hukumat vakillari tashabbusi bilan 3,5 kilometrlik yo‘lga asfalt yotqizilmoqda.
“Biz uning Tokiodan qaytishiga hamma narsani tayyor qilib qo‘ymoqchimiz”, – deydi Hindiston parlamenti a’zosi Bisvojit Pxukan the Hindustan Times nashriga bergan intervyusida.
Eslatib o‘tamiz, Lovlina 6-avgust kuni bronza uchun bo‘lib o‘tgan bahsda tayvanlik bokschi Chen Nyan Sin ustidan 4:1 hisobida g‘alaba qozonib, Assam boks maktabiga tarixda birinchi medalni olib berdi. Hozirda uning qishlog‘i mehmonlar va jurnalistlar bilan to‘lib-toshgan. Butun qishloq uning qaytishiga tayyorgarlik ko‘ryapti.







