“PSJ” xo‘jayinining akasi Messi transferi hal bo‘lganini eʼlon qildi
“PSJ” xo‘jayini Tamim bin Hamad Al Tanining akasi Xalifa Bin Hamad Al Tani argentinalik hujumchi Lionel Messi bilan muzokaralar yakunlangani haqida eʼlon qildi.

«Muzokaralar rasman yakunlanadi. Transfer keyinroq eʼlon qilinadi», — deb yozadi Al Tani “Twitter”dagi sahifasida.
Avvalroq Parij klubi 34 yoshli futbolchiga 2024 yilgacha mo‘ljallangan shartnoma va yiliga 50 mln yevro maosh taklif qilgani xabar qilingandi.
Shuningdek, RMC Sport jurnalisti Muhammad Buafsi ham Messi “PSJ” o‘yinchisiga aylanishi va “2+1” ko‘rinishida shartnoma imzolashini maʼlum qildi. Transfer dam olish kunlari eʼlon qilinishi kutilmoqda.
Telefoot‘ning yozishicha, argentinalik futbolchining sobiq jamoadoshi Neymar Messiga 10-raqamni taklif qilgan. Ammo Leo Neymardan 10-raqamni olib qo‘ymoqchi emas va Parij klubida 19-raqamda o‘ynamoqchi. Hujumchi faoliyatining boshida “Barsa”da va milliy jamoada aynan shu raqamda harakat qilgan.
Eslatib o‘tamiz, 5 avgust kuni “Barselona” Messining jamoadan ketganini, tomonlar moliyaviy cheklovlar tufayli yangi shartnoma imzolay olishmaganini eʼlon qilgandi







