Ronaldo “PSJ” ga oʻtadimi?
Messi “PSJ” klubiga oʻtganidan soʻng futbol ishqibozlari, jurnalistlar va, umuman, keng jamoatchilik oʻrtasida muhokama va munozaralar boshlanib ketdi.


Jumladan,“PSJ” klubi prezidenti Nosir Al-Hilayfi 2022-yilda “Yuventus” jamoasi aʼzosi Krishtiano Ronaldoni Parijga olib kelmoqchi, degan xabar ham tarqaldi. Xoʻsh, bu reja haqiqatga qanchalik yaqin?
Krishtiano “Yuventus” jamoasi gʻalabalariga munosib hissa qoʻshib kelmoqda. 36 yoshni qarshilagan futbolchi hali hamon bir xil darajada oʻynashda davom etmoqda. “Yuventus”ning portugaliyalik yulduzni oʻz safiga qoʻshib olishidan asosiy maqsadi Yevropa Chempionlar ligasida gʻalaba qozonish edi. Bunda, albatta, Ronaldo tajribasi va iqtidoriga koʻz tutilgandi. Biroq bu reja amalga oshmay qoldi. Yevropa chempionatidan keyin Ronaldoning klubdagi faoliyati soʻroq ostida qoldi. Bir qator top klublar uni sotib olish payida boʻldi. Bu borada Ronaldoning sobiq jamoalari “Real Madrid”, “Manchester Yunayted” peshaqadamlik qildi. Ammo Ronaldo Italiyada yana bir mavsum qolishini maʼlum boʻldi.
Parij klubi kelasi yil Krishtianoning shartnoma muddati tugashini hisobga olib, uni oʻz safiga qoʻshib olmoqchi. Xoʻsh, bir necha yillardan buyon oʻzaro raqobatda boʻlgan ikki futbolchining bitta jamoada oʻynash ehtimoli haqiqatga qay darajada yaqin? Agar “PSJ”ning bu rejasi amalga oshadigan boʻlsa, chindanam afsonaviy tarkibga guvoh boʻlish mumkin.
Ronaldoning keyingi yil 37 yoshni qarshi olishi inobatga olinadigan boʻlsa, “PSJ” rahbariyatining maqsadi shunchaki dunyo yulduzlarini bir joyga yigʻishdan iborat deya xulosaga kelish mumkin. Chunki tobora yoshi oʻtib borayotgan Ronaldoning uzoq muddat barqaror oʻynay olish-olmasligi koʻpchilikni oʻylantirishi shubhasiz.
Krishtianoning yanagi yil “Yuventus” bilan shartnomasi yakunlansa, uning qolishi yoki qayerga oʻtishi yana soʻroq ostida qoladi. U sobiq jamoalaridan biri “Manchester Yunayted”ga oʻtishi haqida biron nima deyish qiyin. Chunki ingliz klubi oʻz tarkibini ancha kuchaytirishga muvaffaq boʻldi. Manchesterliklar Ronaldoni faqat muxlislar xohishini inobatga olib oʻz safiga qoʻshib olishi mumkin. Bu, albatta, taxmin, biroq katta natijalarni kutayotgan Manchester klubi bu transferni amalga oshirish ehtimoli unchalik yuqori emas.
Ronaldoning AQSH jamoalaridan biriga oʻtishi haqida ham taxminlar bor, lekin hali ham chiroyli oʻyin namoyish etib kelayotgan futbolchining toʻsatdan Amerikada faoliyat olib borishiga aql bovar qilmaydi.“PSJ”ga toʻxtaladigan boʻlsak, bu klubning niyati jiddiy, faqat futbolchi rozi boʻlsa boʻlgani. Uning Messi bilan bir jamoada oʻynashi faqat muxlislar emas, oʻzi uchun ham maroqli boʻlsa kerak, deb taxmin qilish mumkin. Bu yerda Ramosning rolini ham inkor etib boʻlmaydi. Chunki ular “Real” safida uzoq yillar birga oʻynagan va koʻplab sovrinlarga ega boʻlgan. Neymar doʻsti Messini “PSJ” ga oʻtishiga asosiy sababchilardan biri boʻlgani kabi, Ramos ham kelasi mavsum shu vazifani bajarishi mumkin.
“PSJ” Ronaldoni oʻz safiga qoʻshib olsa, super uchlik yuzaga keladi. Mbappening kelasi mavsum katta ehtimol bilan “Real” safiga qoʻshilishi bu uchlikning yaralishiga xizmat qiladi. Bu har qanday futbol jamoasi orzu qiladigan hujum triosi boʻladi. Neymar, Messi va Ronaldoning hujum chizigʻida birgalikda harakat qilishi klub gʻalabasini taʼminlashi turgan gap. Bu esa Parij jamoasining azaliy orzusi boʻlgan Chempionlar ligasida birinchilikni qoʻlga kiritishga qaratilgan. Bu, albatta, bizning taxminlarimiz, oliy hakam — vaqt.
Jamshidbek Amirov







