Immunitet kuchli bo‘lsa, turli xastaliklardan himoyalaydi
Immunitet kuchli bo‘lsa, turli xastaliklardan himoyalaydi

Lekin baʼzan atrof-muhit ifloslanishi, doimiy stress holatida yurish, yetarli darajada meva-sabzavot, sut-qatiq, go‘sht kabi mahsulotlarni isteʼmol qilmaslik, uyimizdagi elektr jihozlar (televizor, kompyuter, mikroto‘lqinli pech) taratayotgan zararli to‘lqinlar va shu kabi yuzlab omillar immun tizimi ishining kuchsizlanishiga olib keladi.
Noto‘g‘ri ovqatlanish
Tomirdagi qon tarkibida antitanachalar (immunoglobulin) bo‘lib, ular organizmning himoya vositasi sanaladi. Oqsildan tarkib topgan mazkur antitanachalar meʼyorda ishlab chiqarilishi uchun taomnomada go‘sht, tuxum, baliq, sut-qatiq, yong‘oq kabi mahsulotlar yetarlicha bo‘lishi kerak.
Surunkali stress
Ruhiyatdagi salbiy o‘zgarishlar taʼsiriga tushib qolgan organizmda turli gormonlar ishlab chiqarila boshlaydi. Bu esa har bir hujayra, to‘qimalarning biokimyoviy balans o‘zgarishiga olib keladi. Ayrim turdagi gormonlar immun tizimini ishg‘ol qilib, virus va bakteriyalar uchun yo‘l ochib beradi. Olimlar fikricha, uzoq davom etgan stress davrida qondagi leykotsitlar miqdori keskin tushib ketishi oqibatida immun tizimi zaiflashib qoladi.
Surunkali uyqusizlik
Aksariyat hollarda 8 soat uyqu meʼyor hisoblanishini unutib qo‘yamiz. Bir-ikki kun ozroq uxlagan kishi o‘z-o‘zidan mazkur tartibga moslashgandek ko‘rinsa-da, 5 kun ketma-ket davom etgan uyqusizlik yoki yetarlicha uyquning bo‘lmasligi immun tizimida jiddiy o‘zgarishlarni keltirib chiqaradi.
Tez-tez kasallanish
Bu shifokor ko‘rigiga borishingiz uchun dastlabki belgi. Yil davomida 3-4 marta (bolalarda 5-6 marta) shamollash, gripp yoki tumov bilan og‘risangiz, bilingki, immunitetingiz ko‘makka muhtoj.
Immunitet faoliyati haqida umumiy holatingizdan kelib chiqib ham bilib olishingiz mumkin. Buning uchun kun davomida organizm va ruhiyatingizdagi o‘zgarishlarga diqqat qiling. Holsizlik, quvvatsizlik, mehnat unumdorligining pasayishi organizm zaiflashib borayotganini bildirishi mumkin. Bu holatda shifokor maslahati asqotadi.
Maftuna Rejabboyeva







