Tokio Olimpiadasida qatnashgan 7 nafar Milliy gvardiya xizmatchilari taqdirlandi
O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiya qo‘mondoni, general-mayor R.Djurayev “Tokio-2020” yozgi Olimpiya o‘yinlarida O‘zbekiston milliy terma jamoasi tarkibida ishtirok etgan Milliy gvardiya sportchilari bilan uchrashdi. Bu haqda Turizm va sport vaziri axborot xizmati xabar berdi.

Tadbirda Toshkent shahar hokimligi, Milliy Olimpiya qo‘mitasi, O‘zbekiston qo‘l jangi federatsiyasi, Milliy gvardiya tarkibiy va hududiy bo‘linmalari mutasaddilari, Tokio olimpiadasida ishtirok etgan harbiy xizmatchilarning ota-ona va murabbiylari ishtirok etdi.
Milliy gvardiya qo‘mondoni davlatimiz rahbarining olimpiada o‘yinlari ishtirokchilarini taqdirlash marosimida "Albatta, jahonning eng yirik sport musobaqasi bo‘lmish Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etishning o‘zi katta sharaf va masʼuliyat. Buni barchamiz yaxshi tushunamiz. Buning uchun qancha og‘ir dovonlardan, mashaqqatli sinovlardan o‘tish talab etiladi”, degan so‘zlariga alohida eʼtibor qaratdi.
Taʼkidlanganidek, Milliy gvardiya tizimidan Tokio Olimpiadasi musobaqalarida ishtirok etgan yetti nafar mustaqillik yillarida tug‘ilib voyaga yetgan bokschi hamda yunon-rum kurashchilari o‘z iqtidori, salohiyati bilan millionlab qalblarni zabt etdi, boks bo‘yicha eng og‘ir vaznda ishtirok etgan harbiy xizmatchi Baxodir Jalolov dunyoning eng nomdor sportchilari bilan bellashib, olimpiadaning oltin medalini qo‘lga kiritdi.
Shundan so‘ng Milliy gvardiya qo‘mondonining Olimpiada ishtirokchilari va ularning murabbiylarini rag‘batlantirish to‘g‘risidagi buyrug‘i o‘qib eshittirildi. Unga ko‘ra Olimpiadada ishtirok etgan yetti nafar harbiy xizmatchilarga O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi shaʼnini munosib himoya qilib harbiy xizmatchi va xodimlar orasida shaxsiy namuna ko‘rsatgani hamda Olimpiya sport turlarining ommalashishiga qo‘shgan hissasi uchun Alvon beret kiyish huquqi berildi.
Leytenant Bahodir Jalolov O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining 1-darajali «Namunali xizmatlari uchun» ko‘krak nishoni, leytenantlar Tursunoy Rahimova, Rayhona Qodirova va Bobo-Usmon Baturov 2-darajali, katta leytenant Elmurat Tasmuratov, oddiy askarlar Jalg‘as Berdimurodov va Elnur Abduraimov 3-darajali «Namunali xizmatlari uchun» ko‘krak nishoni va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Shu bilan birga boks bo‘yicha Milliy terma jamoasi katta murabbiyi To‘lqin Qilichev, boks bo‘yicha murabbiy, Milliy gvardiya ixtisoslashtirilgan o‘quv markazi katta o‘qituvchisi mayor Elshod Rasulov, Sport kurashlari bo‘yicha ixtisoslashtirilgan Olimpiya zaxiralari maktabi murabbiysi Ravshan Ro‘ziqulov O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining 3-darajali «Namunali xizmatlari uchun» ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
Tadbir yakunida sportchilarimizga samimiy tilaklar va ularning “Parij–2024” yozgi Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etib, Vatanimiz sharafini munosib himoya qilishlariga ishonch bildirdi.
Jamshid Amirov







