Lifestyle

Oshpazlar hayotidan so‘zlovchi bu filmlar sizni befarq qoldirmaydi

Taom tayyorlash va film yaratish bir biriga hamohang. Qanday deysizmi? Har ikkisi ham aniq “ssenariy” asosida ishlanadi. Oshpazlikka aloqador insonlar hayotidan so‘zlovchi filmlarning rejissyorlari ham shu fikrda. Quyida taqdim etilayotgan ro‘yxat sizga yorqin taasurotlar berishiga ishonamiz.

Oshpazlar hayotidan so‘zlovchi bu filmlar sizni befarq qoldirmaydi

 

“Shokolad” Buyuk Britaniya, 2000 yil

 

 

Qish kunlarining birida Fransiyaning sokin shaharchasida Viyenn Roshe ismli ayol paydo bo‘ladi. Oradan ko‘p o‘tmay u noodatiy qandolat, yaʼni shokolad do‘konini ochadi. Yangi taʼm mijozlarning hech birini befarq qoldirmaydi. Doimiy xaridorlar qatori tashrif buyuruvchilar soni kundan kunga ortadi. Viyenn har bir insonning shokolad borasidagi didini aniq bilardi. Ammo o‘zi hayotdan nimani istashiga kelganida esa… Roshening hayotida Ru paydo bo‘lganida barchasi o‘zgardi. Melodrama ixlosmandlari filmni o‘zlariga yoqadigan shokolad bilan tomosha qilishlari tavsiya etiladi.

 

«Hayot lazzati» AQSH, 2007 yil

 

 

Keyt Armstrong restoranlardan birida bosh oshpaz. U oshxonada o‘zini oliy qo‘mondon kabi tutadi. So‘zsiz itoatkorlikni talab qiladi. Yolg‘iz ayol butun hayotini sevimli ishiga bag‘ishlagan. Ammo kunlardan birida barchasi o‘zgardi. Kutilmaganda unining hayotida fojia yuz berib, singlisi avtohalokatda vafot etadi. 8 yoshli jiyani Zoya Keytning qaramog‘iga o‘tadi. Restoran oshxonasida ishlay boshlagan Nik Palmer bilan ham kelishishi oson bo‘lmaydi. Keyt oxir oqibat keskin qaror qabul qilishga majbur bo‘ladi. Ishdagi ishq mavzusi qiziq bo‘lsa film aynan siz uchun.

 

Djuli va Djuliya: baxtni retseptga ko‘ra tayyorlaymiz AQSH, 2009 yil

 

 

Juliya Pauell yosh yozuvchi va call-markazlaridan birining operatori. Ishdan biroz chalg‘ish maqsadida o‘z oldiga Juliya Chayldning «Fransuz oshxonasi sanʼatini o‘rganib» nomli kitobidagi 524 ta retseptni 365 kun mobaynida tayyorlashni maqsad qilib qo‘yadi. Film nafaqat taomlar haqida balki ayolning jamiyatdagi o‘rni, uning rivojlanishga va o‘z ustida ishlashga bo‘lgan intilishi haqida so‘zlaydi. Agar hayotingizni o‘zgartirishni, unga yangiliklar kiritishni istayotgan bo‘lsangiz hamda kuchli motivatsiyaga ehtiyojingiz bo‘lsa film ayni muddao.

 

“Prezident uchun oshpaz” Fransiya, 2012 yil

 

 

 

Haqiqiy gurmanlar uchun tasalli beruvchi, prezident oshpazining hayotiga bag‘ishlangan ajoyib film. Hikoya respublika prezidentining shaxsiy oshpazi bo‘lish sharafiga sazovor bo‘lgan viloyat oshpazi Hortense Laboriye haqida hikoya qiladi. U osonlik bilan mamlakat prezidenti oshqozoniga yo‘l topadi. Ammo qarorgohdagi fitnalarga qarshi turishga ayolning sabri yetishi qiyin kechadi.

 

«G‘ildirakdagi oshpaz» AQSH, 2014 yil

 

 

Karl Kasper Los-Anjelesdagi mashhur restoranlardan birida oshpaz edi. Film syujeti mazkur qahramon atrofida aylanadi. Karl ishini yo‘qotgach o‘z oshxonasini ochishga qaror qiladi. Avtomobilni oshxonaga aylantirar ekan oilasi bilan munosabatlarini yaxshilashni va turli manzillardagi insonlar bilan tanishib yangidan-yangi retseptlarni kashf qilishni rejalashtiradi. Sayyohlikka qiziqadiganlar mazkur filmni maroq bilan tomosha qilishlariga shubha qilmasak ham bo‘ladi.