Saida Mirziyoyeva Toshkent arxitektura-qurilish universiteti faoliyati bilan tanishdi
Saida Mirziyoyeva zamonaviy va yashil shaharlarni barpo etishda yangi avlod arxitektorlari, loyihachilari va muhandislarini tayyorlash muhimligini ta’kidladi.

Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Toshkent arxitektura-qurilish universiteti faoliyati bilan tanishdi.
Qayd etilishicha, ayni paytda universitetda 4 ta ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha qariyb 10 ming talaba tahsil olmoqda.
Oliy ta’lim muassasasida ma’muriy boshqaruv, o‘quv va ilmiy jarayonlarga raqamli texnologiyalar faol joriy etilmoqda. Shuningdek, dual ta’lim rivojlantirilmoqda, ilmiy ishlanmalarni tijorat loyihalariga aylantirish va talabalar shaharchasini innovatsion yechimlar maydoniga aylantirishga e’tibor qaratilmoqda.
“Yurtimiz shaharlari zamonaviy va yashil makonga o‘z-o‘zidan aylanib qolmaydi. Buning uchun keng fikrlaydigan, noan’anaviy g‘oyalarni ilgari suradigan, ekologik barqaror arxitektura va muhandislik yechimlarini ishlab chiqadigan hamda ularni amaliyotga tatbiq eta oladigan yangi avlod arxitektorlari, loyihachilari va muhandislarini tarbiyalash juda muhim”, deb yozdi Saida Mirziyoyeva.








