Malayziya 1,5 mingga yaqin myanmalikni qaytardi: BMT urush va ta’qib xavfidan ogohlantirdi
UNHCR qochqinlarning urush davom etayotgan mamlakatga qaytarilishi ortidan ta’qibga uchrashi yoki majburiy harbiy xizmatga jalb qilinishidan xavotir bildirmoqda.

Malayziya BMTning Myanmaga qaytarilayotgan qochqinlar xavfsizligi bo‘yicha ogohlantirishlariga qaramay, ularni mamlakatga deportatsiya qilishni davom ettirmoqda.
1 479 nafar Myanma fuqarosi Malayziyadan ikki harbiy-dengiz kemasi va bir gospital kemasida olib chiqilib, yakshanba kuni Myanmaning janubidagi Yangon shahriga yetib kelgan. Bu haqda mintaqaviy hukumat vaziri Nay Lin Tun ma’lum qildi.
Ushbu guruh Malayziyadan bosqichma-bosqich qaytarilishi rejalashtirilgan 5 ming nafar Myanma fuqarosining bir qismi. Mamlakat Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, yana 10,3 mingdan ortiq myanmalik immigratsiya hibsxonalarida saqlanmoqda.
Malayziya barcha qaytarilganlar vatanga ixtiyoriy ravishda qaytishga rozi bo‘lganini ta’kidlamoqda. Biroq inson huquqlari tashkilotlari qochqinlarning tanlovi cheklangan bo‘lishi mumkinligini bildirgan. BMTning Qochqinlar bo‘yicha oliy komissarligi (UNHCR) esa o‘z xodimlariga qaytarilayotgan myanmaliklar bilan uchrashishga ruxsat berilmaganini ma’lum qilgan. Shu sababli ularning qarori haqiqatan ham erkin va ongli ravishda qabul qilinganini tekshirishning imkoni bo‘lmagan.
Malayziyadagi Myanma qochqinlari va boshpana izlovchilarning katta qismini rohinjalar tashkil etadi. Qaytarilganlar orasida qancha rohinja borligi hozircha noma’lum.
Deportatsiya Malayziyada qochqinlar yashaydigan hududlarda immigratsiya reydlari kuchaygan bir paytda amalga oshirildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, 2026-yilda bunday reydlar davomida 50 mingdan ortiq qochqin hibsga olingan.
Malayziya bosh vaziri Anvar Ibrohim qochqinlarni qaytarish rejasi haqida iyul oyida ma’lum qilgan. Kuala-Lumpur ayni paytda 3,5 mingdan ortiq qochqin va migrantdan iborat ikkinchi guruhni ham qaytarishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Hukumat ularning mamlakatga moliyaviy, ijtimoiy va xavfsizlik bilan bog‘liq yuk keltirayotganini bildirmoqda.
Malayziya BMTning Qochqinlar maqomi to‘g‘risidagi konvensiyasiga a’zo emas va qochqinlarni hujjatsiz migrantlar sifatida ko‘radi. Shu bilan birga, mamlakatda UNHCR ro‘yxatida qariyb 215,6 ming nafar qochqin va boshpana izlovchi bor. Ularning 126 mingdan ortig‘i asosan musulmon rohinjalardir.
Myanma hukumati qaytarilayotgan fuqarolarning vatanga “xavfsiz va munosib” sharoitda qaytishini ta’minlashga va’da bergan. Biroq Fortify Rights inson huquqlari tashkiloti vakili Yap Lay Shengning aytishicha, qaytarilganlarga Myanma rejimi qanday munosabatda bo‘lishini oldindan aytish qiyin.
UNHCR va inson huquqlari tashkilotlari qaytarilganlar Myanmada ta’qibga uchrashi yoki majburiy harbiy xizmatga jalb qilinishi mumkinligidan xavotir bildirgan.
Myanmada 2021-yilda harbiylar saylangan hukumatni ag‘darib, hokimiyatni egallaganidan beri fuqarolar urushi davom etmoqda. ACLED loyihasi ma’lumotlariga ko‘ra, harbiy to‘ntarishdan buyon mamlakatdagi urush oqibatida 100 mingdan ortiq kishi halok bo‘lgan.
Myanma harbiy to‘ntarishi rahbari Min Aung Hlaing aprel oyida fuqarolik prezidenti lavozimiga tayinlangan. U yaqin orada Malayziyaga tashrif buyurib, qochqinlarni qaytarish masalasini muhokama qilishi kutilmoqda.








