Bayram dasturxoni qayerda va qanday tayyorlanadi?
Har bir millatning o‘ziga xos, hech kimnikiga o‘xshamaydigan milliy va madaniy qadriyatlari, anʼanalari, urf-odatlari bo‘ladi. Milliy taomlar ham ana shular sirasiga kiradi.


O‘zbeklar tabiatan mehmondo‘st xalq sanaladi. Buni uning dasturxonidan ham darrov bilsa bo‘ladi. Mehmon ko‘rki — dasturxon, degan xalq naqli bejiz paydo bo‘lmagan. Sarxil meva va sabzavotlar, mazali taom va uy pishiriqlari, issiq tandir nonlar, og‘izda eriydigan somsa, sut-qatiq mahsulotlari dasturxonimiz ko‘rkidir. Bu, o‘z navbatida, O‘zbekistonda gastronomik sayohatni rivojlantirish imkoniyatlari ko‘pligidan dalolat beradi. Siz bu yerda nafaqat noyob va mazali taomlar taʼmini tuyasiz, balki sharqona mehmondo‘stlikka ham guvoh bo‘lasiz.
Qashqadaryo tandiri

Butun dunyoga mashhur tandir kabob vohaning o‘ziga xos gastronomik brendi hisoblanadi. Aynan shu taom hududning turistik salohiyatini yana-da oshirishning asosiy omillaridan biridir. U bayramlar, to‘y-hashamlarda dasturxonga tansiq taom sifatida tortiladi. Boshqa hududlarda tayyorlangan tandir go‘shti taʼmi Qashqadaryonikiga o‘xshamaydi. U o‘zining nafaqat taʼmi, balki ko‘rinishi bilan ham boshqa hududlarnikidan farq qiladi. Bu yerda tandir go‘shti maromiga yetkazib pishiriladi. Shu sababli Qashqadaryoga ko‘plar tandir go‘shti tanovul qilish uchun ham keladi.
Jizzax somsasi

Jizzax somsasi O‘zbekistonda eng yirik va xushtaʼm somsa sanaladi: u “qipchoq somsa” deb ham ataladi. “Bahorda iliging qurisa, Qipchoqqa bor” degan ibora ana shundan kelib chiqqan.
Mashhur foodbloger Mark Uins O‘zbekiston haqidagi navbatdagi videosida Jizzax somsasini tatib ko‘rib, mazasiga yuqori baho berganiga ko‘pchilik guvoh bo‘lgan.
G‘ijduvon kabobi

Qo‘rada pishayotgan mazali go‘shtning ko‘cha bo‘ylab taraladigan hidi hammaga tanish. O‘zbekistonda go‘sht juda xush ko‘riladi va ko‘p isteʼmol qilinadi. Lekin kabob tayyorlashda Buxoroliklarga teng keladigani yo‘q. Ayniqsa, g‘ijduvonliklar tayyorlaydigan G‘ijduvon kabobi o‘zining mazasi bilan deyarli hamma hudud xo‘randalari eʼtiborini tortgan. Shu bois G‘ijduvon kaboblarini bugungi kunda O‘zbekistonning barcha hududidan topish mumkin.
Toshkent norini

Norin asosan Toshkentda keng tarqalgan milliy taom hisoblanadi. U bugungi kunda mehmonlar uchun ikki xil — birinchi (ho‘l norin) va ikkinchi (quruq norin) sifatida tortiladi. Norin shohona taom bo‘lib, tayyorlanishi ancha murakkab. U, ayniqsa, sovuq kunlarda ko‘p isteʼmol qilinadi. Uni tayyorlashda ot go‘shti ishlatiladi.
Xorazm tuxumbaragi

Tuxumbarak Xorazm shevasida “yumurtabarak”, deb ataladi. U, ayniqsa, Xorazm va Qoraqalpog‘istonda tansiq taom hisoblanadi. Uni qon bosimi yuqori bo‘lganlarga isteʼmol qilish tavsiya etilmaydi. Chunki u foydali va quvvatbaxsh taomdir.
Vodiy palovi

Palov o‘zbek milliy taomlarining sultoni sanaladi. O‘zbekiston , xususan, Farg‘ona vodiysiga borib haqiqiy o‘zbek palovini tatib ko‘rmagan mehmon o‘zbek madaniyati mohiyati va mehmondo‘stligini anglamagan hisoblanadi.
Ozoda Choriyeva tayyorladi.







