AQSHning Afg‘onistondagi eng mahfiy bazasida mahbuslar qanday qiynoqqa solingani ma’lum bo‘ldi
Baza AQSH markaziy razvedka boshqarmasi (MRB)ga tegishli bo‘lgan. U Kobul yaqinida joylashgan.

The New York Times gazetasi jurnalistlari AQSHning Afg‘onistondagi eng mahfiy bazasi haqida ma’lumot berdi.
Bazadan tayyorlov markazi, shuningdek qamoqxona sifatida foydalanilgan. Mazkur joy “Tuzli o‘ra” nomini olgan.
Rasmiy ma’lumotlarda baza haqida hech qanday gap yo‘q, ammo sun’iy yo‘ldosh tasvirlari uning bo‘lganligini tasdiqlaydi.

Markazning qurilishi 2002-2004 yillar oralig‘ida boshlangan.
Manbada so‘z yuritilishicha, AQSHda 2001 yil 11 sentyabr teraktlaridan keyin tergovda qiynoq metodlariga ko‘z yumilishi kuzatilgan. Hukumatning “Tuzli o‘ra” haqidagi hisobotida, bazada saqlangan mahbuslar bilan shavqatsiz munosabatda bo‘linganligi va qiynoqlar qo‘llanilganligi qayd etilgan. Xususan bu yerda, tor kameralarda saqlash, uyqudan mahrum qilish va suv vositasida qiynashga ruhsat berilgan. 2002 yildan 2005 yilgacha o‘rada terrorizmda gumonlangan 100 dan ortiq kishi halok bo‘lgani ehtimoldan holi emas.
Jurnalistlarning fikricha, harbiylar, toliblar, mahbuslar qay holatda saqlanganini ko‘rmasligi uchun bazani yo‘q qilgan bo‘lishlari mumkin. Shuningdek, bu yerda afg‘on maxsus xizmatlari a’zolari tayyorlangan.







