“Qumtor” ishi bo‘yicha yana bir amaldor qo‘lga olindi
“Qumtor” ishi bo‘yicha yana bir amaldor qo‘lga olindi.

Qirg‘izistonda “Qumtor” koni bo‘yicha jinoiy ish doirasida yana bir amaldor qo‘lga olindi. Bu haqda “TASS” xabar berdi
Maʼlum qilinishicha, mamlakat sobiq bosh vaziri Joomart Otorbayev kon bo‘yicha jinoyat ishi doirasida qamoqqa olingan navbatdagi amaldor bo‘ldi. Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasiga ko‘ra, u 16 sentyabrdan boshlab tergovga jalb qilingan. Qo‘mitaning taʼkidlashicha, bosh vazir bo‘lgan payti Otorbayev Lisiy va Davidov muzligining yo‘q qilinishiga ruxsat bergan. Shu maqsadda ekologik ekspertiza o‘tkazadigan tashkilotlarga bosim o‘tkazgan.
“Qumtor” Qirg‘izistondagi eng yirik oltin koni hisoblanadi. Kon uzoq yillar davomida “Centerra” kompaniyasi tomonidan foydalanilgan. Keyinchalik uning faoliyati davomida korrupsion holatlar bo‘lgani aniqlandi. Sadir Japarov Respublika Prezidenti bo‘lganidan so‘ng “Qumtor” bo‘yicha jinoiy ish ochildi. Hozirga qadar ko‘plab sobiq amaldorlar qo‘lga olingan.
Shuningdek, 2 avgust kuni Bishkekka mamlakat sobiq prezidenti Asqar Akayev olib kelindi . Bundan tashqari 2017-2020 yillarda Qirg‘iziston rahbari bo‘lgan Sooronbay Jenbekov ham tergovga chaqirilgan.
Jahongir Qo‘ziyev







