Arab davlatlari Afg‘onistonga gumanitar yordam berishga kelishib oldi
Arab davlatlari Afg‘onistonga gumanitar yordam berishga kelishib oldi, deya xabar bermoqda “Ria Novosti”.


16-sentabr kuni Ar-Riyodda Qatar, BAA, Saudiya Arabistoni, Bahrayn, Quvayt va Ummon tashqi ishlar vazirlari uchrashuvi bo‘lib o‘tgan. Unda barcha tomonlar afg‘on xalqini qo‘llab-quvvatlash va gumanitar yordam berishda davom etishni maʼlum qilgan. Shuningdek, arab davlatlari turli kuchlarni "umumdavlat manfaatlarini himoya qilish"ga chaqirdi.
Qayd etish lozimki, Qatar va BAA toliblar hokimiyati o‘rnatilgandan keyin afg‘on xalqiga birinchilardan bo‘lib yordam berayotgan davlatlardan sanaladi. Shuningdek, Afg‘onistondan evakuatsiya jarayonlarida ham G‘arbga katta yordam bergan. Masalan, BAAda 5 ming qochoq joylashtirilgan bo‘lsa, Qatar evakuatsiya jarayonida asosiy tranzit davlat vazifasini bajarmoqda.
Afg‘onistonda gumanitar vaziyat tobora yomonlashib bormoqda. Turli davlatlar mamlakatga yordam jo‘natyapi. Xususan, O‘zbekiston 14 sentyabrda 1.3 ming tonna ko‘mak berdi. Shuningdek, BMT afg‘on xalqi uchun qo‘shimcha 1 milliard dollar mablag‘ ajratishini eʼlon qilgan.
Maʼlumot o‘rnida: 15-avgust kuni “Tolibon” harakati Kobulni egallagan. 31-avgustda AQSH Afg‘onistonni to‘liq tark etdi. Harakat tomonidan egallanmagan yagona viloyat Panjsher edi. Ammo 6-sentabrda ushbu hudud ham “Tolibon” nazoratiga o‘tdi. Shundan keyin toliblar 7-sentabr kuni mamlakatning yangi hukumati tuzilganini eʼlon qildi.
Jahongir Qo‘ziyev







