Surxondaryolik erkak rashk sabab xotinini o‘ldirib qo‘ydi
Surxondaryo viloyatining Termiz shahrida rashk sabab xotinini o‘ldirib qo‘ygan fuqaroga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda viloyat IIB matbuot xizmati xabar bermoqda.


Maʼlum bo‘lishicha, joriy yilning 18-sentabr kuni soat 15:00 larda Q.Q. yashash uyida turmush o‘rtog‘i D.J.ni rashk qilib, o‘zaro janjallashib qoladi. Erkak qo‘lidagi pichoq bilan xotinining chap ko‘krak qismiga bir marotaba urib, hayot uchun xavfli bo‘lgan og‘ir tan jarohati yetkazgan. Oqibatda, ayol kasalxonaga olib ketilayotganda yo‘lda vafot etgan.
Taʼkidlanishicha, Q.Q.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 104-moddasi 3-qismi “d” bandi (qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish jabrlanuvchining o‘lishiga sabab bo‘lishi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qashqadaryoda 60 yoshli erkak sharʼiy nikohdagi to‘rtinchi xotinini pichoqlab o‘ldirgani, jizzaxlik erkak qo‘shnisini o‘z turmush o‘rtog‘i bilan ishqiy munosabatini payqab, 7 marta pichoq sanchib o‘ldirib qo‘ygani hamda Farg‘ona viloyatining Buvayda tumanida homilador xotini va qaynotasini chopqi bilan chopib tashlagan 19 yoshli yigitga sud hukmi o‘qilgani haqida xabar berilgandi.







