Tarixiy shaxslar nomi bilan atalgan 5 mashhur taom
Juda ko‘p mahsulot va taomlarga joy nomlari berilgan. Masalan, Moskva pirogi, Kiyev kotleti, Braziliya kofesi, Kavkaz kabobi, Farg‘ona palovi, Toshkent norini va hokazo. Shuningdek, ularga shahar va mamlakatlar nomi berilganiga ham guvoh bo‘lish mumkin.


Xususan, tarixiy shaxslar nomi bilan ataladigan yeguliklar ham bor. Ular nomi va mazaliligi bilan bugungi kunda gastronomiya durdonasi sanaladi. Bugun sizning eʼtiboringizga ularning bir nechtasini taqdim etamiz.
“Margarita pissasi”

Margarita — dunyodagi eng mashhur pissalardan. Uning o‘ziga xos tarixi bor. 1889 yilda Italiya qiroli Umberto II va uning rafiqasi Savoya qirolichasi Margarita Neapolga tashrif buyuradi. Ular och qolgach, oddiy odamlar nima yeyayotgani bilan qiziqadi. Shunda ularga bir oila motsarella, pomidor va rayhonli non pishirib beradi.
Oddiy, lekin nihoyatda mazali taom ularga yoqib qoladi. Shunda Margarita taomga o‘z nomini berishga qaror qiladi. Pissa hozirgacha shu nom bilan ataladi.
“Margarita pissasi” tor doirada “vatanparvar pissa” nomi bilan ham ataladi. Chunki taom mahsulotlari rangi Italiya bayrog‘ini eslatadi.
“Sharlotta” pirogi

Sharlotta — sevimli kuzgi shirinliklardan biri. Hamirdan tayyorlangan olma pirogi butun dunyoda mashhur bo‘lib, uning kelib chiqishi va nomlanishi haqida turli fikrlar mavjud. Maʼlumotlarga qaraganda, Britaniya qiroli Jorj III shirinliklarni juda yaxshi ko‘rar, lekin ularning deyarli hammasi italiyaliklar, fransuzlar va nemislarniki ekanini hazm qilolmasdi. U britancha shirinlik ham bo‘lishini juda xohlaydi. Bir kuni oshpaz monarxni xursand qilish maqsadida u istagan mazali pirog tayyorlashga harakat qiladi. Shirinlik qirolga yoqadi. U qirol rafiqasi sharafiga Sharlotta, deb nomlanadi.
Fransuz qirollik kremi

Maʼlumotlarga qaraganda, “Napoleon” torti turli nomga ega. Masalan, Fransiya va Italiyada "1000 qatlam", Buyuk Britaniyada "qaymoqli bo‘lak", Vengriyada "Fransuz qirollik kremi", deb ataladi.
Lekin u o‘z zamonaviy nomini 1912 yilda Rossiyada, Napoleon Bonapart ustidan qozonilgan g‘alabaning 100 yilligiga bag‘ishlangan tantanada olgan. Yangi tort uchburchak shaklida tayyorlangan bo‘lib, u Napoleonning mashhur xo‘rozsimon shapkasini eslatadi.
“Sezar” salatini Rim imperatorga qanday aloqasi bormi?

Salat nomini eshitgan kishi uni Rim imperatori Yuliy Sezar bilan aloqasi bor, deb o‘ylashi, shubhasiz. Lekin uning imperator Sezar bilan hech qanday aloqasi yo‘q. Salatning haqiqiy ixtirochisi italyan-amerikalik oshpaz Sezar Kardini sanaladi.
Maʼlumotlarga qaraganda, oshpaz bu salatni 1924 yil 4 iyul, AQSH Mustaqillik kunida ixtiro qilgan. O‘sha kuni uning restorani xaridorlar bilan to‘ladi. Natijada restoranda oziq-ovqat tugab qoladi. Shunda oshpaz shoshilinch tarzda taom tayyorlaydi va uni o‘z nomi bilan atab, mijozlarga tarqatadi. Qizig‘i shundaki, ilojsizlikdan shoshilinch tayyorlangan ushbu taom mijozlarga juda yoqadi. Taom dovrug‘i keyinchalik butun dunyoga tarqaladi.
“Sendvich” nomi ingliz diplomati Jon Monteg bilan bog‘liq

Maʼlumotlarga ko‘ra, u qimorboz bo‘lgan. Bir o‘tirishda 24 soat qimor o‘ynagan. Kunlarning birida qimor o‘ynayotib, juda och qoladi. Shunda bar oshpazidan nonni ikkiga bo‘lib, ichiga qovurilgan mol go‘shti solib kelishini so‘raydi. So‘ng bar oshpazlari o‘z taomnomasiga bu taomni kiritadi. Shu tariqa ushbu taom butun Angliya bo‘ylab ommalasha boshlaydi.
Ozoda Choriyeva







