Kellini: “Muxlislar ko‘z o‘ngida yutqazganimizdan afsusdamiz”
Italiya va Turinning “Yuventus” klubi himoyachisi Jorjio Kellini Ispaniya terma jamoasiga qarshi UEFA Millatlar Ligasi yarim final uchrashuvida mag‘lubiyatga uchragani haqida fikr bildirdi:

"Biz o‘z muxlislarimiz ko‘z o‘ngida yutqazganimizdan afsusdamiz. Lekin mag‘lubiyatsiz seriyamiz orqali rekord o‘rnatganimizdan faxrlanamiz. Tan olish kerak, o‘yinning baʼzi qismlarida raqiblar bizdan kuchliroq o‘yin namoyish etdi”.
Eslatib o‘tamiz, Ispaniya terma jamoasi Italiyaning ketma-ket 37 uchrashuvdan buyon davom etib kelayotgan mag‘lubiyatsiz o‘yinini to‘xtatdi. Bu segmentda Roberto Manchini shogirdlari 29 uchrashuvda g‘alaba qozondi va rasmiy o‘yinlarda 7 bor durang o‘ynadi. Italiyaliklar oxirgi bor 2018-yil 10-sentabr kuni Millatlar Ligasida Portugaliyaga 1:0 hisobida mag‘lubiyatga uchragandi.
Avvalroq Millatlar Ligasida Ispaniya Italiyaning rekordiga nuqta qo‘ygani va “Real Madrid” 1-yanvargacha Mbappeni qo‘lga kiritmoqchi ekanligi haqida xabar berilgandi.
Jamshidbek Amirov







