“COVID-19'siz sayohat” ilovasi bo'lmagan fuqarolar Rossiyada yurishi taqiqlanadi
1-sentabrdan Rossiyaga O‘zbekiston hududidan kelganlar uchun “COVID-19'siz sayohat” ("Puteshestvuyu bez COVID-19") ilovadan foydalanish majburiy bo‘ldi. Bu haqida “Spot.uz” xabar berdi.


Unda aytilishicha, O‘zbekiston Evroosiyo taraqqiyot bankining raqamli tashabbuslari jamg‘armasi tomonidan ishlab chiqilgan "COVID-19'siz sayohat" ilovasiga qo‘shildi. 2021-yil 1-sentabrdan Rossiyaga Ozarbayjon, Moldova, O‘zbekiston, Tojikiston va Turkmaniston hududidan kelganlar uchun ilovadan foydalanish majburiy etib belgilandi.
Mazkur ilova COVID testini o‘tkazish uchun sertifikatlangan laboratoriyalarni topishga imkon beradi. U yerdan manfiy (virus aniqlanmagan) natija olingach, foydalanuvchiga yashil QR-kodi beriladi. U chegaradan o‘tishda Rospotrebnadzor xodimlariga taqdim qilinadi.
Ilovani “AppStore”, “GooglePlay” va “AppGallery” ilova do‘konlaridan yuklab olish mumkin.
Dasturda ikkita tildan biri tanlagandan so‘ng (rus yoki ingliz), foydalanuvchiga PSR laboratoriyalari topish taklif qilinadi. Buning uchun manzilni kiritish lozim bo‘ladi. Shuningdek, kelish va ketish mamlakatini ham tanlash kerak. Shundan so‘ng, ilovada laboratoriyalar ro‘yxati, manzillari va telefon raqamlari paydo bo‘ladi. Bundan tashqari, foydalanuvchi dastur taqdim qilgan xaritada o‘ziga yaqin bo‘lgan laboratoriyani ko‘rishi mumkin.
PSR test markazi aniqlangandan so‘ng uchrashuv belgilash mumkin. Laboratoriya reyestriga mijozning pasport seriyasi va raqami kiritiladi.
Test natijalari olingandan keyin undagi QR-kodi dastur orqali skanerlanadi. Qo‘shimcha ravishda, fuqarolik pasporti ham skanerlanishi zarur. Aks holda, chegarada ko‘rsatilishi kerak bo‘ladigan oxirgi QR-kodi “yaratilmaydi”.
Test natijasining qog‘oz versiyasi bilan sayohat qila olamanmi, degan savol tug‘ilishi mumkin.
1-sentabrdan boshlab, O‘zbekiston hududidan Rossiyaga kirganda, ilovadan foydalanish majburiy etib belgilandi. Biroq uchinchi davlatdan O‘zbekiston orqali Rossiya Federatsiyasiga uchadigan tranzit yo‘lovchilar bundan mustasno. Buning uchun ular kelishidan uch kun oldingi o‘tkazilgan salbiy PSR testini, shuningdek, butun yo‘nalish bo‘yicha chiptalarini taqdim etishlari shart.
Maʼlumotlar Rossiya shaharlari aeroportlarida Rospotrebnadzor xodimlariga taqdim etiladi.
Avvalroq o‘zbekistonlik quruvchilar “Vostochniy” kosmodromida ishga jalb etilishlari hamda Rossiya va O‘zbekiston: aviareyslar soni oshirilayotgani haqida xabar berilgandi.
Olamgir Abdiyev







