Benksi — strit-art qiroli
Taniqli strit-art rassomi – Benksi o‘zining noodatiy suratlari bilan butun dunyoda shuhrat qozongan. Kuni kecha uning navbatdagi rasmi rekord miqdorda sotildi.


BBCning maʼlum qilishicha, mashhur rassomning “Axlat qutisidagi sevgi” tasviri Sotheby‘s auksionida 16 million funt (25.4 million dollar) ga sotildi. U aslida “Shar ko‘targan qizaloq” deb nomlangan va 2018 yilda qariyb 1.5 million dollarga baholangan edi. Ammo shundan keyin rasm qisqarib ketgan va umuman o‘zgartirilgan edi.
zamon.uz davrimizning eng mashhur va sirli rassomlaridan birining turli vaqtlarda yaratilgan mashhur asarlarini namoyish qiladi.
“G‘azo sektoridagi mushukcha”

G‘azo sektori dunyodagi eng notinch nuqtalardan biri. Uning aholisini qariyb yarmi bolalardan iborat. 2015 yilda Benksi G‘azo sektoriga boradi va vayronalar orasidagi mushukcha rasmini chizadi. Undagi kontrast noodatiy edi: vayronalar va o‘ynab turgan mushuk. “Bu mushuk butun dunyoga unga ayni paytda tinchlik va xursandchilik kerakligini aytmoqda. Ammo u nimani o‘ynashni topib oldi (mushuk bir uyum temir bilan birga tasvirlangan). Bizning bolalarimiz-chi?” –, deydi mahalliy aholi vakillaridan biri.
“Rojdestvo bilan!”

Rasmda bir qarashda qor ostida turgan bola ko‘rinadi. Ammo devorning boshqa burchagida yonib turgan chiqindi qutisini ko‘rish mumkin. Benksi buni Uelsdagi Port-Telbot shahrida chizgan. Shahar ekologik holati o‘ta yomon. Benksi bu orqali salbiy ekologik muhitga eʼtibor qaratgan.
Qiziqarli tomoni, rasm chizilgan garaj egasi uni 100 ming funtga sotgan. Ammo bir shart evaziga: rasm shaharda qoladi. Port-Telbot aholisi qachondir bu tasvir shaharning tabiiy muhitini yaxshilashiga umid qiladi.
“Smartfonli sevishganlar”

Ushbu rasm Broad Plains Boys klubi eshigiga chizilgan. Klub aslida yopilib ketish arafasida edi. Ammo vaziyatga Benksi aralashadi. Natijada biznesi barbod bo‘lish arafasida turgan klub egasi eshikni 400 ming funtga sotishga muvaffaq bo‘ldi.
Rasmning maʼnosi yaqqol ko‘rinib turibdi: ijtimoiy tarmoqlar va smartfonlar davrida virtual olam jonli muloqotni cheklab qo‘ymoqda.
Jahongir Qo'ziyev
Umar Umrzoqov







