Samarqanddagi bog‘chada go‘shtni o‘g‘irlagan shaxslar jazolandi
Maʼlum bo‘lishicha, Paxtachi tumani “Hayit Elbegi” mahallasidagi 28-sonli maktabgacha taʼlim tashkilotining bosh oshpazi O‘g‘iloy Abduraimova pishirilgan go‘sht mahsulotini kirxonaga berkitib, so‘ngra kirxona derazasidan uni xo‘jalik mudirasi Maftuna Eshimovaga bergan. Pishirilgan go‘sht hajmi 4,7 kg bo‘lgan.

Xo‘jalik mudirasi esa go‘shtni MTT hovlisidan olib chiqib ketayotganda, bog‘cha tarbiyachilari N.N. hamda M.U. tomonidan ushlangan. Bu harakatlarni video va audio yozuvlar isbotlagan.
Holat bo‘yicha bosh oshpaz hamda xo‘jalik mudirasi bilan suhbat o‘tkazilganda, bu ishlarni muntazam ravishda MTT direktori Shahnoz Umarovaning topshirig‘i va ko‘rsatmasiga asosan qilganini tan olishgan. Shuningdek, haqiqatdan ham MTT tarbiyachilari N.N. hamda M.U.ning aytgan gaplari, ular tomonidan olingan video va audio yozuvlardagi lavhalar to‘g‘ri ekanligini o‘z tushuntirish xatida bayon qilishdi.
Natijada, bosh oshpaz O‘.Abduraimova va xo‘jalik mudirasi M.Eshimova ishdan bo‘shatildi. Shu bilan birga, MTTdagi mazkur holat yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi tashkilotlar tomonidan qonun doirasida tegishli choralar ko‘rilishini belgilandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samarqandda bog‘chada bolalarga ajratilgan go‘sht o‘g‘irlanayotgani bu ishni qilgan shaxslarga jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani haqida xabar berilgandi.
Cho‘lponoy Ahmedova







