Jasur Yaxshiboyev bugungi Chempionlar ligasida o‘ynaydi...mi?
Bugun Yevropa chempionlar ligasining navbatdagi o‘yinlariga start beriladi.

Musobaqaning 3-turi doirasidagi “Inter” – “Sherif” uchrashuvidan oldin Moldova klubi bosh murabbiyi yordamchisi Dmitriy Qora-Mustafo Italiyadagi o‘yinda o‘zbekistonlik Jasur Yaxshiboyev jamoaga yordam bera olmasligini maʼlum qildi: “Afsuski, Interga qarshi o‘yinimiz oldidan tarkibimizda yo‘qotish bor. Jasur Yaxshiboyevning jarohati sababli tarkibda yo‘qligi alam qilmay qolmaydi. Till va Addo esa o‘yinga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Ularning qay darajada tayyorligini esa o‘yin ko‘rsatadi”.
Eslatib o‘tamiz, Jasur Yaxshiboyev Yevropa chempionlar ligasining 2-turida “Real Madrid” darvozasini ishg‘ol etib, “Sherif”ning Madriddan muhim g‘alaba bilan qaytishiga hissa qo‘shgandi. Jamoa hozirda 6 ochko bilan guruhda peshqadamlik qilmoqda.
Maʼlumot uchun: Italiyada o‘tadigan “Inter” – “Sherif” uchrashuvi bugun soat 23:59 da boshlanadi.
Avvalroq Yevropa chempionlar ligasida gol urgan ilk o‘zbek yigiti va Jasur Yaxshiboyev “Sherif”ga o‘tgani haqida xabar berilgandi.
Jamshidbek Amirov







