Hindistonning Javaharlal Neru universitetida o‘zbek tili kurslari ochildi
21-oktabr — o‘zbek tili bayrami nafaqat yurtimiz bo‘ylab, balki butun dunyoda keng nishonlanib kelinadi. Xususan, Hindostondagi Javaharlal Neru universitetida ham tadbir tashkil etildi.


Sana munosabati bilan yurtimizning Hindistondagi elchisi Dilshod Ahatov Javaharlal Neru universitetiga tashrif buyurib, universitetning Xorijiy tillar, adabiyot va madaniyat maktabi dekani Mazxar Asif bilan uchrashdi. Bu haqda “Dunyo” axbarot agentligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Javaharlal Neru universiteti o‘zbek tili bo‘yicha o‘quv kurslari mavjud bo‘lgan Hindistondagi ikkinchi oliy taʼlim muassasasiga aylandi. Dastlabki bosqichda o‘zbek tili kurslari ushbu universitet talabalari uchun qo‘shimcha (fakultativ) dastur sifatida tashkil qilingan. Kelasi o‘quv yilidan boshlab esa mazkur o‘quv kurslari bitiruvchilariga tegishli sertifikatlar taqdim etiladi.
Mazxar Asif yangi ochilgan o‘zbek tili kurslarni hind yoshlari orasida ommalashtirish, uning faoliyatini yana-da kengaytirish maqsadida O‘zbekistondagi tegishli oliy taʼlim muassasalari bilan yaqin hamkorlikka tayyor ekanini qayd etdi.
"O‘zbek tili bayrami kuni arafasida ushbu o‘quv yilidan boshlab universitetimizdagi fors va Markaziy Osiyo tillarini o‘rganish markazida o‘zbek tilini o‘qitish kurslari ochilganligini quvonch bilan taʼkidlamoqchiman. O‘zbek tili haqida so‘z ketganda biz faqatgina til emas, balki umumiy tarix, boy madaniyat, sanʼat, qadriyat va inson uchun qadrli bo‘lgan ko‘plab jihatlarni tushunamiz" — deydi Javaharlal Neru universiteti Xorijiy tillar, adabiyot va madaniyat maktabi dekani Mazxar Asif.
Maʼlumot uchun: Javaharlal Neru universiteti Xorijiy tillar, adabiyot va madaniyat maktabi universitet tarkibiga kiruvchi eng yirik muassasalardan biri bo‘lib, u yerda bugungi kunda 13 ta markaz va 200 nafardan ortiq professor va dotsent faoliyat olib bormoqda.
Eslatib o‘tamiz, Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston xalqini 21-oktabr — o‘zbek tili bayrami munosabati bilan tabrik yo‘llagandi.
Avvalroq davlatimiz rahbari "Agar o‘zbek tilining boyligini, chiroyini bilishni xohlasangiz, Ibrohim akaga murojaat qilish kerak", deya taʼkidlagandi. Shuningdek, "Qadring baland bo‘lsin, ona tilim" xalqaro ko‘rik-tanlovida britaniyalik Tomas Velsford g‘olib bo‘lgani, axborot-qidiruv tizimlari uchun o‘zbek tilining dasturiy vositasi yaratilgani hamda “Avtobusga sig‘may qolgan” harflar yoki biz qayerda xato qildik? nomli maqola taqdim qilingan edi.







