Rejep Tayyip Erdog‘an Shavkat Mirziyoyevni Prezident saylovida erishgan g‘alabasi bilan samimiy qutladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an bilan telefon orqali muloqot qildi.


Prezident matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Turkiya Prezidenti davlatimiz rahbarini Prezident saylovida erishgan g‘alabasi bilan samimiy muborakbod etib, ovoz berish natijalari mamlakatimiz aholisi Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarni keng qo‘llab-quvvatlayotganini ko‘rsatganini alohida taʼkidladi.
O‘zbekiston yetakchisi, o‘z navbatida, Turkiya Prezidenti va butun xalqini ushbu mamlakatning yaqinlashib ketayogan bosh milliy bayrami – Respublika kuni bilan iliq qutlab, tinchlik-osoyishtalik va tinchlik-farovonlik tiladi.
Qayd etilishicha, oliy darajadagi Strategik hamkorlik kengashining navbatdagi yig‘ilishi va Turkiy Kengash sammitiga tayyorgarlik masalalari ko‘rib chiqildi.
O‘zaro savdoni yana-da ko‘paytirish, yirik investitsiya loyihalari portfelini kengaytirish va muhim taʼlim dasturlarini amalga oshirish borasidagi birgalikdagi saʼy-harakatlarni davom ettirish muhim ekani qayd etildi.
Eslatib o‘tamiz, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin davlatimiz rahbarini saylovdagi g‘alabasi bilan tabriklagandi.
Bundan avval MSK prezident saylovlarining dastlabki natijalarini eʼlon qilgani haqida xabar berilgandi.







