23 yoshli velopoygachida doping aniqlandi
Sportchi avval yengil atletika bilan shug‘ullangan. U bu yil velosport turi bilan shug‘ullana boshlagan

Buyuk Britaniya paralimpiya terma jamoasi aʼzosi ko‘zi ojiz velopoygachi Erin Makbrayd 2021 yilning mart oyida o‘quv-mashg‘ulot davomida topshirgan doping-sinamasida “ostarin” taqiqlangan moddasi aniqlanganidan keyin uch yilga diskvalifikatsiya qilindi.
Ushbu holat bo‘yicha olti oy davomida tekshirish va surishtiruv ishlari olib borilgan.
23 yoshli Makbrayd avval paralimpiya yengil atletikasi bilan shug‘ullanib, 16 yoshida ko‘zi ojizlar o‘rtasida 400 metr masofaga yugurish bo‘yicha jahon chempioni bo‘lgan. U joriy yilda velosportga o‘tgan.
Maʼlumot uchun: “ostarin” taqiqlangan moddasi Tokio-2020 olimpiadasida britaniyalik sprinter Chidjindu Udjda ham aniqlangandi.
Avvalroq o‘zbekistonlik 7 nafar sportchida hamda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan sportchida doping aniqlangandi. Shuningdek, doping-tahlil natijalari Diyorbek O‘razboyevning “Rio-2016” Olimpiadasidagi medaliga hech qanday taʼsir o‘tkazmasligi haqida xabar berilgandi.
Bahriniso Madumarova







