“TikTok” ijtimoiy tarmog‘ida pichoq ko‘tarib videoga tushgan tasvirni tarqatgan maktab o‘quvchisi jarimaga tortildi
Videodagi 17 yoshli o‘smir Z.N. Olmazor tumanidagi umumtaʼlim maktabi bitiruvchisi ekani aniqlandi.

“TikTok” ijtimoiy tarmog‘ida maktab kiyimidagi voyaga yetmagan bola turar-joy yaqinida pichoq ko‘tarib yurgani tasvirlangan video tarqaldi.
Videodagi 17 yoshli o‘smir Z.N. Olmazor tumanidagi umumtaʼlim maktabi bitiruvchisi ekani aniqlandi. U taʼlim oladigan maktab maʼmuriyati ham yuqoridagi postga eʼtibor qaratgan.
O‘smirning otasi Tojikiston Respublikasida tug‘ilgan 44 yoshli A.N. suhbatga chaqirilganda vaqti yo‘qligini ro‘kach qilib, maktabga qarindoshini jo‘natgan.
Bu holat bo‘yicha Toshkent shahar IIBB xodimlari tomonidan Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 47-moddasi 1-qismi bo‘yicha bayonnoma rasmiylashtirildi. Fuqaro BHMning 2 baravari miqdorida jarimaga tortildi.
Shuningdek, holat to‘g‘risida maʼlumot Olmazor tumani voyaga yetmaganlar masalalari bo‘yicha idoralararo komissiyaga jo‘natildi.
Maktab maʼmuriyati tomonidan Olmazor tumani IIO FMB inspektor-psixologi ishtirokida o‘smir va uning yaqinlari bilan profilaktik suhbat o‘tkazildi hamda maktab o‘quvchilari va o‘qituvchilari bilan maktab binosiga pichoq va boshqa xavfli buyumlarni olib kelish mumkin emasligi to‘g‘risida suhbat o‘tkazildi.
Eslatib o‘tamiz, bundan avval Qashqadaryoda yigit va qizning YPH xodimi formasini kiyib, “TikTok” platformasiga joylashtirganlar jarimaga tortilgani haqida xabar berilgandi.
Cho‘lponoy Ahmedova







