Moskva viloyatidagi kimyo zavodida portlashlar: yetti kishi halok bo‘lgani aytilmoqda
Portlash oqibatida vayron bo‘lgan binoda 44 kishi bo‘lgan.

Moskva viloyatining Krasnozavodsk shahridagi kimyo zavodida bir necha portlash sodir bo‘ldi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa oqibatida yetti kishi halok bo‘lgan, biroq bu ma’lumot hozircha rasman tasdiqlanmagan.
Life.ru’ning SHOT Telegram kanaliga tayanib xabar berishicha, korxonaning bir binosi to‘liq qulab tushgan. Hodisa vaqtida u yerda zavod xodimlari bo‘lgan.
Guvohlar kamida uchta portlash ovozini eshitganini bildirgan. Mahalliy aholining so‘zlariga ko‘ra, portlashlar kuchi atrofdagi uylarning silkinishiga sabab bo‘lgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, vayron bo‘lgan binoda 44 kishi bo‘lgan. Ulardan 40 nafari evakuatsiya qilingan, to‘rt kishini qidirish ishlari davom etmoqda.
Hozir favqulodda xizmatlar hududdagi ochiq yong‘inni cheklash va qutqaruv ishlarini olib bormoqda.
Ma’lumot uchun, avvalroq Yaroslavl viloyatining Kubrinsk qishlog‘idagi korxonada yong‘in chiqib, 14 kishi halok bo‘lgan edi.








