"Inson aʼzolari va to‘qimalarining transplantatsiyasi to‘g‘risida"gi qonun loyihasi Senatga yuborildi
Inson aʼzolari va to‘qimalarining transplantatsiyasi uchun donor, bemorning yaqin qarindoshi bo‘lishi kerak, degan cheklov bekor qilinmoqda.

O‘zgarish deputatlar tomonidan ko‘rib chiqilgan "Inson aʼzolari va to‘qimalarining transplantatsiyasi to‘g‘risida"gi qonun loyihasida belgilanmoqda. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida maʼlum qildi.
Endilikda donor sifatida o‘zidan aʼzolari va (yoki) to‘qimalarining transplantatsiya uchun olinishiga ixtiyoriy ravishda, bepul asosda, notarial tartibda tasdiqlangan yozma rozilik bergan inson tushuniladi.
Amaldagi tahrirda donor-bemorga transplantatsiya qilish uchun organlari, to‘qimalari va (yoki) hujayralarini o‘z ixtiyori bilan berayotgan inson tushunilib, u uch yildan ortiq nikohda bo‘lgan er-xotinlar va ularning oldingi turmushidan bo‘lgan farzandlari, to‘g‘ri va yon tarafdan bo‘lgan qarindoshlari, shuningdek, o‘gay ota, o‘gay ona, o‘gay o‘g‘il, o‘gay qiz va oila haqidagi qonun hujjatlariga muvofiq farzandlikka olingan bolalar tirik donor bo‘lishi mumkin edi.
Qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilinib Senatga yuborildi.
Eslatib o'tamiz, avvalroq Jigar transplantatsiyasi o‘zbek shifokorlari tomonidan ilk bor mustaqil amalga oshirilgani hamda murakkab operatsiyalar narxi O‘zbekistonda 10 barobar arzonligi haqida xabar berilgandi.
Cho'lponoy Ahmedova







