O‘zbekistonda totalizator va bukmekerlik faoliyatini reklama qilayotgan 10 dan ortiq saytga kirish cheklandi
O‘tkazilgan 385 ta o‘rganishda 168 ta holatda bunday xizmatlar reklamasi aniqlangan va ularning barchasi bartaraf etilgan.


Reklama munosabatlari O‘zbekiston Respublikasining “Reklama to‘g‘risida”gi Qonun va boshqa 10 ga yaqin qonunchilik hujjatlari bilan tartibga solinadi.
Tadbirkorlik va isteʼmolchilik madaniyatini takomillashtirish, reklama sohasida nohalol raqobatga va noto‘g‘ri reklamaning oldini olish maqsadida Agentlik tomonidan joriy yilning o‘tgan davri mobaynida 19 mingdan ziyod o‘rganishlar o‘tkazilgan. Shundan 10 ming holatda turli kamchiliklar aniqlangan va ularni tezkor bartaraf etish choralari ko‘rildi. Bu haqda AOKAda Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish agentligi matbuot kotibi Mohruxsor Tog‘ayeva ishtirokida o‘tkazilgan brifingda aytib o‘tildi.
Agentlik tomonidan dori vositalari, biologik faol qo‘shimchalar va boshqa davolash preparatlari, rag‘batlantiruvchi tadbirlar, nodavlat taʼlim va xorijda o‘qish xizmatlarini ko‘rsatish, davolash, tibbiy xizmat va diagnostika xizmatlarini ko‘rsatish bilan bog‘liq reklamalar bo‘yicha o‘rganishlar olib borildi.
Qayd etiliishicha, reklama qilinishi qonun bilan taqiqlangan yoki cheklangan mahsulotlar, jumladan, tamaki, elektron sigaretalar, energetik ichimliklar, alkogol, pivo, qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlar reklamasi bo‘yicha aniqlangan holatlar bartaraf etilishi taʼminlandi.
Maʼlumot uchun: bugungi kunda respublikamizda totalizator va bukmekerlik faoliyatini amalga oshirish va, albatta, bunday xizmatlarni reklama qilish noqonuniy hisoblanadi. O‘tkazilgan 385 ta o‘rganishda 168 ta holatda bunday xizmatlar reklamasi aniqlangan va ularning barchasi bartaraf etilgan.
Taʼkidlanishicha, AOKA bilan hamkorlikda 10 dan ortiq totalizator va bukmekerlik reklamasini noqonuniy ravishda yurituvchi saytlarga kirish cheklab qo‘yildi. Ayrim shaxslar tomonidan o‘zboshimchalik bilan o‘z reklamalarini daraxtlarga osib qo‘yish holatlari bo‘yicha aniqlangan 2700 dan ortiq reklamalar ham olib tashlandi.
Bundan tashqari, moddiy madaniy merosning 1 ming 50 ta ko‘chmas mulk obyektlarida o‘tkazilgan o‘rganishlarda 131 ta holatda joylashtirilgan turli reklamalar ham tartibga keltirildi. O‘tkazilgan o‘rganishlarda aniqlangan kamchiliklar yuzasidan 76 ta ish qo‘zg‘atildi va tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Shu bilan birga, noto‘g‘ri reklama oqibatida sotib olingan tovar (ish, xizmat) tufayli isteʼmolchiga 104 million so‘m miqdorda yetkazilgan ziyon to‘liq hajmda qoplanib berildi.
Eslatib o‘tamiz, so‘nggi yillarda ommalashib borayotgan axborot almashish va tarqatish manbai hisoblangan ijtimoiy tarmoqlarda joylashtirilgan reklamalarning 2 750 tasida qonunbuzilish holatlari aniqlangan va bartaraf etilmoqda.
Avvalroq O‘zbekistonda 10 dan ortiq bukmekerlik veb-saytlari bloklangani, totalizatorlarning noqonuniy reklamasi ko‘payib borayotgani hamda yurtimizda bukmekerlik va totalizator faoliyati hali ham qonuniy emasligi haqida xabar berilgandi.







