O‘zbekistonlik migrantlarga 40 ming rubllik ish taklif etilmoqda
Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi Rossiyada ishlash istagida bo‘lgan fuqarolarga ogohlantirish bilan chiqdi.

Qayd etilishicha, Rossiyaning bir qator ish beruvchilari tomonidan Moskva, Sankt-Peterburg shaharlari, Amur, Novosibirsk, Kaluga, Tula, Murmansk, Kaliningrad, Moskva oblastlari hamda Krasnodar o‘lkasida O‘zbekiston fuqarolari uchun qurilish sohasida 10 mingta bo‘sh ish o‘rni taklif qilinmoqda.
Fuqarolar nomiga Rossiyada ishlash huquqini beruvchi patent O‘zbekistonda rasmiylashtiriladi. Nomzodlar uchun xorijga chiqish pasportini tezlashtirilgan tartibda tayyorlab berish taʼminlanishi aytilgan.
Taʼkidlanishicha, oylik maosh ish hajmiga qarab 40 ming rubldan boshlanadi. Fuqarolarga qurilish sohasining 60 dan ortiq yo‘nalishlari bo‘yicha ishlar taklif etiladi.
Maʼlumot uchun: ushbu bo‘sh ish o‘rinlari to‘g‘risidagi batafsil maʼlumotlarni Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining hududlardagi filiallaridan olish mumkin.
Eslatib o‘tamiz, bundan avval TIV Ozarbayjonga bormoqchi bo‘lgan fuqarolarni ogohlantirgandi. Shuningdek, Rossiyadagi migrantlar endi “Zolotaya Korona” orqali 15 ming rublgacha qarz olib, vataniga jo‘natishi mumkinligi, Moskvada o‘zbekistonlik migrantning jasadi topilgani hamda o‘n ming O‘zbekistonlik yaqin vaqt davomida Rossiyaga ishga jalb qilingani haqida xabar berilgandi.







